42

"IJTIMOIY FIKR" RJFO'M XALQARO KONFERENTSIYADA ISHTIROK ETDI

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan "o'zgarib borayotgan dunyoda odam savdosiga qarshi kurashish: profilaktika, himoya va hamkorlik" mavzusida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Mazkur anjuman odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika choralarini takomillashtirish, jabrlanuvchilarni himoya qilish mexanizmlarini rivojlantirish hamda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida o'zaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.

Konferentsiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, ichki ishlar vazirligi, Prezident huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi, BMTning xalqaro migrasiya tashkiloti (IOM), Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT), Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan tuzilmalari, Markaziy Osiyo davlatlarining vakolatli idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda "ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi direktori Rahimova Nigina Xayrullaevna ishtirok etdi.

Konferentsiya doirasida raqamli texnologiyalar sharoitida odam savdosining yangi ko'rinishlari, xavfsiz mehnat migrasiyasini ta'minlash, odam savdosidan jabrlangan shaxslarni erta aniqlash va ularni samarali himoya qilish, ijtimoiy reabilitasiya va qayta integrasiya tizimini takomillashtirish, davlat organlari hamda xalqaro tashkilotlar o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, axborot almashinuvini kuchaytirish va profilaktik faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg'or xalqaro tajribalar muhokama qilindi.

"Ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazining mazkur xalqaro anjumandagi ishtiroki mamlakatimizda odam savdosining ijtimoiy-psixologik omillarini chuqur o'rganish, jamoatchilik fikri monitoringini takomillashtirish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy va institusional hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa'y-harakatlarning uzviy davomi hisoblanadi.

Konferentsiya yakunlari bo'yicha odam savdosiga qarshi kurashish sohasida profilaktika, himoya va hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi hamda ishtirokchilar tomonidan qo'llab-quvvatlandi.