04.11.2026
23
TOSHKENTDA AKADEMIK UBAYDULLAYEVA RA’NO AHATOVNA XOTIRASIGA BAG‘ISHLANGAN SOTSIOLOGIK FESTIVALNING OCHILISH MAROSIMI BO‘LIB O‘TDI
4-noyabr kuni «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida atoqli olim tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan «Akademik Ubaydullayeva Ra’no Ahatovnaning ilmiy merosi: fan, jamiyat, avlodlar» sotsiologik festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doimiy faoliyat yurituvchi «O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot» ilmiy-amaliy seminari doirasida «Ilmiy meros va zamonaviylik» mavzusidagi davra suhbati shaklida o‘tkazildi.
Davra suhbatida markaz xodimlari va taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga akademik xotirasiga bag‘ishlangan «Ubaydullayeva Ra’no Ahatovna» mavzusidagi videofilm namoyish etildi. Shuningdek, «O‘zbekiston jamiyati global va milliy transformatsiyalar sharoitida: sotsiologik tahlil, jamoatchilik fikri va davlat taraqqiyoti» mavzusidagi, akademik Ra’no Ubaydullayeva nomidagi Beshinchi sotsiologik o‘qishlar uchun tayyorlangan ilmiy maqolalar to‘plami taqdim etildi.
Festival doirasida 16-noyabr – markazning yosh xodimlari o‘rtasida “Sotsiologiya amalda” intellektual turniri bo‘lib o‘tadi.“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining yosh mutaxassislari jamoaviy intellektual-tahliliy bellashuvda ishtirok etadilar. Ishtirokchilar sotsiologik nazariya va jamoatchilik fikrini o‘rganish metodologiyasi bo‘yicha bilimlarini, sotsiologik ma’lumotlarni tahlil qilish va talqin etish ko‘nikmalarini, shuningdek, amaliy tadqiqot vazifalariga asoslangan yechimlar topish yuzasidan malakalarini namoyon etadilar.
20-noyabr – “JAMIYATNI KO‘RA OLISH – Увидеть общество” talabalar tanlovi bo‘lib o‘tadi.Intellektual tanlovda O‘zbekistonning “Sotsiologiya” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadigan oliy ta’lim muassasalari talabalaridan tashkil topgan jamoalar ishtirok etadi.
Festivalning yakuniy tadbiri ilmiy va ekspertlar hamjamiyati vakillari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda hamkor tashkilotlarni birlashtiruvchi Xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘ladi.

