20

«IJTIMOIY FIKR» MARKAZINING MATEMATIK MODELLASHTIRISH VA TAHLIL BO‘LIMI BOSHLIG‘I BOKUN IGOR MIXAYLOVICHNI 70 YOSHLIK YUBILEYI BILAN TABRIKLAYMIZ!

 

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi jamoasi «Matematik modellashtirish va tahlil» bo‘limi boshlig‘i Bokun Igor Mixaylovichni qutlug‘ 70 yoshlik yubileyi bilan samimiy muborakbod etadi!

Shunday insonlar borki, yillar o‘tishi bilan ularning jamoadagi o‘rni faqat kasbiy faoliyat bilan cheklanmay, yanada chuqur ma’no kasb etadi. Igor Mixaylovich ana shunday insonlardan biridir. U chorak asrdan ortiq vaqt mobaynida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamnafas bo‘lib, uning shakllanishi va rivojlanishining muhim bosqichlarida bevosita ishtirok etib kelmoqda. Shu yillar davomida u Markaz hayoti va tarixining ajralmas qismiga aylanib, uning yutuqlari va boy tajriba to‘plashiga munosib hissa qo‘shdi.

Yuksak kasbiy mahorat, matematik aniqlikka asoslangan tafakkur, murakkab masalalarning mohiyatini chuqur anglay bilish, mantiqiy va puxta yechimlar topish qobiliyati Igor Mixaylovichning kasbiy faoliyatiga xos muhim fazilatlardir.

Matematik modellashtirish va tahlil bo‘limiga rahbarlik qilib, u Markazning ilmiy-tadqiqot ishlariga, sotsiologik ma’lumotlarni chuqur tahlil qilish va talqin etishga, tadqiqot natijalarining ilmiy asoslanganligi va ishonchliligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Uning ko‘p yillik mehnati jamiyatda kechayotgan jarayonlarni chuqur anglash va mamlakat taraqqiyoti uchun muhim qarorlar qabul qilishda ahamiyat kasb etadigan sotsiologik tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Igor Mixaylovichning tahliliy tafakkuri, chuqur bilimlari va mustahkam mantig‘i keng dunyoqarash, hayotiy donolik, samimiylik va insonlarga bo‘lgan hurmat bilan uyg‘unlashgan. U bilan muloqot qilish hamisha qiziqarli, uning fikr-mulohazalari esa boy hayotiy tajriba va chuqur tahlilga asoslangani bilan qadrlidir. Masalalarga o‘ziga xos yondashishi, qolipdan tashqari fikrlashi va yangi g‘oyalarni ilgari sura olishi hamkasblarida alohida hurmat uyg‘otadi.

Shuningdek, uning oilasi va yaqinlariga bo‘lgan samimiy mehri, e’tibori va g‘amxo‘rligi ham yuksak insoniy fazilatlarining yorqin ifodasidir.

Ushbu qutlug‘ kunda «Ijtimoiy fikr» markazi jamoasi Igor Mixaylovichga mustahkam sog‘liq, xotirjamlik, kuch-g‘ayrat, uzoq umr va yangi muvaffaqiyatlar tilaydi.