02.11.2026
38
PRESS-RELIZ
02.11.2026 y
Toshkent shahri
O‘zbekistonda mediaiste’mol bo‘yicha milliy tadqiqot yakunlari e’lon qilindi. Loyiha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamda «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan hamkorlikda amalga oshirildi. Tadqiqot jadal o‘zgarayotgan mediamuhitda o‘zbekistonliklarning axborot bilan bog‘liq odatlari ilk bor batafsil yoritib beradi.
2-noyabr kuni Toshkentda «O‘zbekistonda mediaiste’mol bo‘yicha milliy tadqiqot» loyihasi birinchi bosqichining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu bosqichda auditoriyaning odatlari va nimani afzal ko‘rishi o‘rganildi. Tadbirda tashkilotchilar ma’lumot to‘plash metodologiyasi va asosiy xulosalar haqida so‘zlab berdi.
Mass-media fondi direktori Jahongir Azimov o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: «Dastlabki izlanish xarakteriga ega bo‘lgan ushbu tadqiqot o‘ziga xos tarzda noyobdir. U televideniye, radio, bosma va onlayn OAVni qamrab olgan holda respublika mediamakonida ro‘y berayotgan jarayonlarning umumiy manzarasini ko‘rsatib berdi. Yosh, jins, yashash joyi va mediakontent iste’mol qilish odatlari kesimidagi ko‘rsatkichlar esa juda sinchkovlik bilan o‘rganishni talab etadi. Olingan ma’lumotlar aholining mediaiste’mol borasidagi odatlarini tushunish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi, deb umid qilamiz. Shu bilan birga, rivojlanish uchun hali imkoniyat bor. Yanada chuqur va xolis ma’lumot to‘plash uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida batafsil tadqiqotlar zarur. Mass-media fondi bu ishni davom ettirishga tayyor».
«Bugun taqdim etilgan natijalar barcha benefitsiarlar uchun amaliy manba bo‘ladi va yanada xabardor, barqaror hamda mediasavodxon jamiyat barpo etish yo‘lidagi hamkorlikni davom ettirishga xizmat qiladi, deb umid qilaman. Ushbu tashabbusda ishtirok etgan barcha tashkilotlar, tadqiqotchilar va ekspertlarga qilgan mehnati va ishga sadoqati uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Yevropa Ittifoqi bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlayotganidan va O‘zbekistonda axborot muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shayotganidan mamnun», — deb qayd etdi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi muvaqqat ishlar vakili Renata Vrubel.
O‘z navbatida, «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevna loyihaning asosiy ahamiyatini alohida ta’kidladi: «Tadqiqotimizning eng muhim ahamiyati shundaki, u O‘zbekistonning zamonaviy media makoniga fuqarolarning o‘z nuqtayi nazarlaridan qarashlariga imkoniyat yaratadi. Ular qaysi axborot manbalariga ishonishini, qanday axborotni dolzarb deb hisoblashini va ommaviy axborot vositalaridan nimalarni kutayotganini anglay boshlaydilar».
So‘rov 2026-yil 8–19-sentabr kunlari respondentlarning yashash joyida yuzma-yuz intervyu shaklida o‘tkazildi. Tadqiqotda mamlakatning barcha 14 hududidagi shahar (53,9%) va qishloq (46,1%) joylarida yashovchi 18 yosh va undan katta 1411 kishi ishtirok etdi. Ko‘p bosqichli tanlanma ma’lumotlarning milliy darajada reprezentativ bo‘lishini ta’minladi va mediaiste’molning gender, yosh hamda hududiy xususiyatlarini aniqlash imkonini berdi.
Tadqiqot fuqarolarning axborot kun tartibiga faol jalb etilganini tasdiqladi: aholining 50,4 foizi mamlakatdagi voqealarni muntazam kuzatib boradi, 30,4 foizi esa ularga vaqti-vaqti bilan qiziqadi. Ayni paytda o‘zbekistonliklarda «ko‘p kanallilik» yaqqol namoyon bo‘lmoqda: ular an’anaviy va raqamli OAVdan birgalikda foydalanadi.
Yangiliklar olishning asosiy manbalari sifatida Telegram-kanallar (51,6%), televideniye (44,6%) va ijtimoiy tarmoqlar (41,6%) tilga olindi. Avlodlar o‘rtasidagi tafovut sezilarli: 18–24 yoshli yigit-qizlar axborotni asosan Telegram (66,2%) va ijtimoiy tarmoqlardan (54,4%) oladi, 55 yoshdan oshgan respondentlar esa televideniye (77,4%) va bosma matbuotga sodiq qolmoqda.
Tadqiqot ko‘rsatishicha, raqamli platformalar rivojlanayotganiga qaramay, televideniye o‘z mavqeini mustahkam saqlab qolmoqda. Respondentlarning 67,5 foizi televizion kontentni tomosha qiladi. Qolaversa, jamoatchilik ishonchi bo‘yicha aynan televideniye mutlaq yetakchi: unga so‘rovda qatnashganlarning 44,3 foizi ishonadi (qiyoslash uchun: Telegram-kanallarga 11,3%, yangiliklar saytlariga esa 7,4% ishonadi).
Telekanallar orasida davlat telekanali «O‘zbekiston 24» eng ko‘p ishonch qozongan: tomoshabinlarning 41,7 foizi uni asosiy, 52,8 foizi esa eng ishonchli manba sifatida tanlaydi. Tomoshabinlar afzal ko‘radigan telekanallar orasida esa milliy kanallar oldingi o‘rinlarni egallaydi: eng ommaboplari — Milliy TV, O‘zbekiston 24, Zo‘r TV va Sevimli TV.
Aholining mediaiste’molida radio nisbatan cheklangan o‘rin tutadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘rov ishtirokchilarining 21,9 foizi radioeshittirishlarni tinglaydi, 78,1 foizi esa radio tinglamaydi. Radiotinglovchilar ulushi 35–44 yoshli respondentlar orasida eng yuqori (26,9%), 18–24 yoshli yigit-qizlar orasida esa eng past (16,7%).
O‘zbekistonda so‘rovda qatnashgan fuqarolarning 64,8 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi, Telegram messenjeri foydalanuvchilari ulushi esa rekord darajaga — 86,1 foizga yetadi. Telegram yangiliklardan tezkor xabardor bo‘lishning asosiy vositasi sifatida kundalik hayotdan mustahkam o‘rin olgan: fuqarolar unda ko‘pincha respublika yangiliklarini o‘qiydi (55,2%) va xalqaro voqealarni kuzatib boradi.
Ijtimoiy tarmoqlar orasida Instagram shubhasiz yetakchi: uni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining 92,7 foizi ishlatadi. Raqamli platformalarga murojaat qilishning asosiy sabablari — axborotning tez yetkazilishi (48,6%) va kontentdan istalgan vaqtda foydalanish mumkinligi (31,0%).
Umuman olganda, aholi so‘z erkinligi darajasini ijobiy baholaydi (respondentlarning 49,7 foizi uni yuqori deb hisoblaydi). Kontentga kelsak, jamiyatda uning sifatini oshirishga aniq talab shakllanmoqda. Fuqarolar narxlar, bandlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash haqida (41,3%), shuningdek, aholining kundalik muammolari haqida (40,6%) ma’lumot yetishmasligini qayd etadi.
Tomoshabin va o‘quvchilar barcha turdagi OAVdan chuqurroq tahliliy yondashuv (27,6%), turli nuqtai nazarlarning xolis yoritilishi (22,5%) va jurnalistik surishtiruvlarni kutadi. Respondentlar fikricha, asosiy muammo — syujetlarning bir xilligi va televideniyeda ayni bir ko‘rsatuvlarning tez-tez takrorlanishi.
Media sohasidagi asosiy tahdid sifatida esa feyklar ko‘rsatildi. So‘rov ishtirokchilarining qariyb yarmi (46,6%) soxta yangiliklar tarqalishini zamonaviy OAVning eng dolzarb muammosi deb atadi. Respondentlar yolg‘on ma’lumotga ko‘pincha YouTube, Telegram va ijtimoiy tarmoqlarda duch keladi. Bunga javoban tadqiqot ishtirokchilarining 77,4 foizi OAVning haqqoniy bo‘lmagan axborot tarqatganlik uchun javobgarligini kuchaytirishni yoqlab chiqdi.
Ushbu tadqiqot nihoyatda muhim bo‘ldi: mediamuhit jadal raqamlashtirilayotgan bir paytda u jamiyat axborotni qanday izlayotgani va iste’mol qilayotgani haqida ilk bor xolis tasavvur berdi.
Shu bilan birga, mediabozorning barcha ishtirokchilari oldidagi asosiy sinov auditoriya ishonchi uchun kurashga aylanmoqda. Tadqiqot natijalari tahririyatlarga kontent siyosatini takomillashtirish, tahliliy jurnalistikani rivojlantirish va faktlarni tekshirishning qat’iy standartlarini joriy etishda muhim mo‘ljal bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Loyihaning ikkinchi bosqichida O‘zbekistonning olti hududida jurnalistlar, matbuot xizmatlari xodimlari va blogerlar uchun treninglar o‘tkaziladi.
Tadqiqot bilan Mass-media fondining veb-saytida batafsil tanishish mumkin: www.massmedia.uz



