89

TOSHKENT SHAHRIDA YOʻL HARAKATI VA TRANSPORT INFRATUZILMASI HAQIDA JAMOATCHILIK BAHOSI OʻRGANILMOQDA

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan Toshkent shahri aholisi oʻrtasida «Toshkent shahrida yoʻllardagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” dasturi natijalariga Toshkent aholisi tomonidan berilgan baho» mavzusida sotsiologik tadqiqot oʻtkazilish boshlandi.

Soʻnggi yillarda poytaxt transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, harakat xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish va aholi uchun yanada qulay shahar muhitini shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtai nazardan mazkur tadqiqot fuqarolarning ushbu jarayonlarga munosabati, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi hamda aholining ehtiyoj va kutilmalarini oʻrganishga qaratilgan.

Tadqiqot doirasida, avvalo, poytaxt aholisining «Dolzarb 90 kunlik» dasturi haqidagi xabardorlik darajasi hamda Toshkent shahridagi yoʻl harakati holatiga berilayotgan baholar tahlil qilinadi. Shu bilan birga, soʻnggi uch oy davomida shahar yoʻl infratuzilmasida kuzatilgan oʻzgarishlar, xususan, tirbandliklarni qisqartirish, svetoforlar faoliyatini takomillashtirish, yoʻl belgilari va chiziqlarini yangilash, jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, piyodalar xavfsizligini taʼminlash hamda yirik chorrahalarda harakatni tartibga solish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning aholi tomonidan qanday qabul qilinayotgani oʻrganiladi.

Soʻrov jarayonida mazkur oʻzgarishlarning fuqarolarning kundalik harakatlanishi, vaqt sarfi, transportdan foydalanish qulayligi va umumiy hayot sifatiga taʼsiriga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, aholining «Dolzarb 90 kunlik» dasturi samaradorligiga bergan bahosi, yoʻl harakati sohasida hozirda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolar hamda ularni hal etish boʻyicha jamoatchilik fikri chuqur tahlil qilinadi.

Tadqiqotning muhim yoʻnalishlaridan biri fuqarolarning shahar transport tizimini yanada rivojlantirish, yoʻl harakati xavfsizligini kuchaytirish, jamoat transporti sifatini oshirish, avtoturargohlar faoliyatini tartibga solish, velosiped va piyodalar infratuzilmasini kengaytirish hamda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aholini xabardor qilish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha taklif va tashabbuslarini aniqlashdan iborat.

Olingan natijalar Toshkent shahrida transport va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qabul qilinayotgan qarorlarning ijtimoiy samaradorligini baholash, aholi manfaatlarini hisobga olgan holda yangi tashabbuslarni ishlab chiqish hamda davlat organlari va jamoatchilik oʻrtasidagi muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

«Ijtimoiy fikr» markazi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning aholi hayotiga taʼsirini muntazam oʻrganish, jamoatchilik fikri dinamikasini tahlil qilish hamda fuqarolarning dolzarb masalalar boʻyicha munosabat va baholarini ilmiy asosda tadqiq etishga qaratilgan sotsiologik izlanishlarni tizimli ravishda amalga oshirib kelmoqda.