01.04.2026
5
ILMIY-MAʼRIFIY MAYDONDA MULOQOT: JURNAL TAQDIMOTI DOIRASIDA DOLZARB MASALALAR MUHOKAMA QILINDI
Toshkent shahrida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali taqdimotiga bagʻishlangan ilmiy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir ilmiy hamjamiyat, ekspertlar va sohaviy mutaxassislarni bir maydonga jamlab, zamonaviy demokratik jarayonlar, inson huquqlari va jamoatchilik instituti rivoji masalalarini muhokama qilishga xizmat qildi.
Ushbu anjumanning ochilish qismida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahrir kengashi raisi, akademik Saidov Akmal Xolmatovich soʻzga chiqib, bu kabi ilmiy-maʼrifiy tadbirlarning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi. U oʻz nutqida jamiyatda inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash hamda ilmiy-tahliliy yondashuvlarni keng joriy etish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri ekanini taʼkidladi. Shuningdek, jamoatchilik fikrini oʻrganish va ilmiy tahlil natijalarini amaliyotga joriy etish davlat va jamiyat oʻrtasidagi samarali muloqotni taʼminlashda muhim omil sifatida qayd etildi.
Shuningdek mazkur tadbirda «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevna oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdi. U oʻz maʼruzasida jamiyat taraqqiyotida jamoatchilik fikrining oʻrni, fuqarolik institutlari va ijtimoiy ishonch mexanizmlarining ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganish orqali davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash hamda qaror qabul qilish jarayonlarini samarali tashkil etish mumkinligi taʼkidlandi.
Tadbir doirasida, shuningdek, inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, yoshlar oʻrtasida huquqiy ongni shakllantirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ilmiy muloqot jarayonida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan tahlillar va yondashuvlar sohadagi dolzarb vazifalarni yanada aniqlashtirishga xizmat qildi.







