25

Joriy yilning 25 may kunidan boshlab, 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan mamlakatimiz aholisi oʻrtasida “Oʻzbekistonda bolalar tarbiyasi va ular huquqlarining himoya qilinishi” mavzusida sotsiologik soʻrov oʻtkazilish boshlandi.

Mazkur tadqiqotni oʻtkazishdan asosiy maqsad jamiyatda bolalar tarbiyasi, oilaviy qadriyatlar, farzand kamoloti, bolalar huquqlarini taʼminlash hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalariga fuqarolar munosabatini oʻrganishdan iborat.

Soʻrov jarayonida aholining mamlakatimizda bolalar tarbiyasining bugungi holatiga bergan bahosi, ota-onalar duch kelayotgan ijtimoiy va maʼnaviy muammolar, yosh avlod tarbiyasida muhim deb hisoblanayotgan qadriyatlar, taʼlim va tarbiya tizimi samaradorligi, shuningdek, bolalar huquqlarini himoya qilish darajasi yuzasidan fuqarolarning fikr va munosabatlari tahlil qilinadi.

Tadqiqotning muhim jihatlaridan biri bugungi kunda bolalar bilan bogʻliq dolzarb ijtimoiy masalalarni aniqlashdan iborat. Xususan, soʻrovda sifatli taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish, internet xavfsizligi, oiladagi zoʻravonlik, ijtimoiy tengsizlik, erta nikohlar, bolalar mehnati hamda yosh avlodning jismoniy va maʼnaviy rivojlanishi bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shu bilan birga, tadqiqot orqali fuqarolarning bolalar huquqlari, jumladan, taʼlim olish, tarbiyalanish, sogʻlom va xavfsiz muhitda yashash, ijtimoiy himoya va erkin rivojlanish huquqlariga oid qarashlari ham oʻrganilish koʻzda tutilgan.

“Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan olib borilayotgan mazkur sotsiologik tadqiqot natijalari mamlakatimizda bolalar manfaatlarini himoya qilish, oila institutini mustahkamlash, taʼlim va tarbiya tizimini takomillashtirish, shuningdek, yosh avlod uchun xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhit yaratishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadqiqot mamlakatimizda inson qadri, bola manfaati va sogʻlom avlod tarbiyasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida izchil taʼminlanayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.