25.05.2026
23
“BITIRUVCHI — VATAN UMIDI”
Mamlakatimizda “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tantanalari oʻzgacha shukuh va yuksak kayfiyat bilan nishonlanayotgan bir paytda minglab oʻgʻil-qizlar hayotining muhim bosqichini yakunlab, mustaqil hayot sari dadil qadam qoʻymoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini samimiy muborakbod etib, yosh avlodni Yangi Oʻzbekistonning ishonchi, tayanchi va kelajak bunyodkorlari sifatida e’tirof etdi.
Davlat rahbari oʻz tabrigida bugungi kunda zamonaviy bilim, kasb-hunar, til bilish, raqamli koʻnikmalar va mustaqil fikrlash hayotda muvaffaqiyat qozonishning asosiy omillariga aylanayotganini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda har bir yoshning sifatli taʼlim olishi, iqtidorini roʻyobga chiqarishi hamda munosib kelajak qurishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda taʼlim tizimida kechayotgan islohotlar nafaqat maktab infratuzilmasini modernizatsiya qilish, balki taʼlim mazmuni, pedagogik yondashuvlar va yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, zamonaviy maktab modeli, innovatsion taʼlim muhiti va raqobatbardosh avlodni tarbiyalash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan ham mamlakat taʼlim tizimida kechayotgan yangilanish jarayonlari, zamonaviy maktab muhiti, oʻquvchilarning bilim olishga munosabati, ota-onalar va pedagoglarning fikr-mulohazalari, yoshlarning kasb tanlash jarayonlari hamda taʼlim sifatini baholashga oid masalalar yuzasidan muntazam sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazib kelinmoqda. Markaz tadqiqotlari jamiyatda sifatli taʼlimga boʻlgan ehtiyoj va eʼtibor tobora ortib borayotganini, yoshlarning bilim, innovatsiya va zamonaviy koʻnikmalarni egallashga intilishi kuchayib borayotganini koʻrsatmoqda.
Bugun maktabni tamomlayotgan bitiruvchilar nafaqat oʻz orzu va maqsadlari sari intilayotgan yoshlar, balki mamlakat taraqqiyoti, ilm-fan, iqtisodiyot va jamiyat kelajagini belgilaydigan intellektual avlod sifatida Yangi Oʻzbekistonning muhim kuchiga aylanmoqda.

