23

2025 yilning 11 dekabr kuni Markaziy Osiyoda gender tenglik va zoʻravonlikka qarshi kurash sohasidagi eng nufuzli mintaqaviy platformalardan biri Markaziy Osiyo Alyansining yillik forumi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtdi. Mazkur Forum mintaqada zoʻravonlikka qarshi kurash, davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va 2026 yil uchun ustuvor yoʻnalishlarni belgilashga qaratilgan muhim muloqot maydoni boʻlib xizmat qildi.

Forumda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar, ekspertlar, Fuqarolik jamiyati va OAV vakillari ishtirok etdi. Tadbirni ochilish qismida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayxo Mahkamova nutq soʻzlab, mamlakatda amalga oshirilayotgan gender siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini taʼkidladi.  Shuningdek, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl, Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha “BMT-Xotin-qizlar” tuzilmasi mintaqaviy direktori Belen Sans Luke, hamda  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi prorektori Alisher Umarovlar qatnashchilarni qutlab, forum ishiga omad tiladilar.

Shundan soʻng forumning birinchi mavzusi — Markaziy Osiyo Alyansining genderga asoslangan zoʻravonlikni bartaraf etish borasidagi faoliyati taqdimoti oʻtkazildi. Alyans koordinatori Ajar Bergeneyeva amalga oshirilgan ishlar va yangicha yondashuvlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.

Forum doirasida bir qancha sessiyalar ish olib bordi. Xususan birinchi sessiyada gender zoʻravonligi boʻyicha mintaqaviy tendensiyalar va ilgʻor tajribalarga bagʻishlangan boʻlib, Markaziy Osiyoning besh davlati boʻyicha zoʻravonlikdan himoya qilishga doir soʻnggi oʻzgarishlar va amaliyotlar taqdim etildi.

Ikkinchi sessiyada zamonaviy raqamli muhitda ayollar va qizlar duch kelayotgan tahdidlar, onlayn zoʻravonlikning yangi shakllari va himoyaga oid yanada samarali takliflar bildirildi.

Ushbu muhim anjumanda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi matbuot kotibi Axmedova Dildora Olimjonovna ham ishtirok etdi. Markazning forumda qatnashishi Oʻzbekistonda jamoatchilik fikrini oʻrganish, gender tenglikka oid islohotlarni ilmiy asoslash va raqamli tahlillarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.