15

YOSH SOTSIOLOGLAR TAJRIBA MAYDONIDA

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Sotsiologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan 29 nafar 2- va 3-bosqich talabalari 2025-yil iyun-iyul oyida “Ijtimoiy Fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida malakaviy amaliyotni muvaffaqiyatli o‘tashdi.

Bu amaliyot shunchaki rasmiy jarayon emas, balki yosh sotsiologlar uchun jamiyatning fikr dinamikasi bilan yuzma-yuz kelish, tahlil qilish, so‘rov natijalaridan xulosa chiqarish va ularni amaliy qarorlarga aylantirishga xizmat qiluvchi laboratoriya bo‘ldi.

Talabalar markazning tajribali mutaxassislari rahbarligida so‘rov loyihalarini konseptual yaratish va metodologik jihatdan shakllantirish, savolnomalar tuzish, ularni elektron platforma orqali tarqatish va javoblarni tizimlashtirish, jamoatchilik fikrini monitoring qilish va xolis baholash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni amaliyotda bajardilar.

Bu amaliyot jarayonida talabalar faqat nazariy bilimni mustahkamlash bilan cheklanmadilar. Ular mustaqil fikrlash, tahliliy yondashuv, ijtimoiy ma’lumotlar bilan ishlash, jamoa ichida faol muloqot va munosabat o‘rnatish kabi muhim kasbiy salohiyatga ega bo‘lishdi.

“Ijtimoiy Fikr” markazi uchun bunday hamkorlik yoshlarni jamiyatdagi jarayonlarni tahlil qila oladigan, ilmiy asosda xulosa chiqaradigan, xolis va bilimli mutaxassislar sifatida shakllantirishda strategik ahamiyat kasb etadi. Talabalarning faolligi, qiziquvchanligi va mas’uliyat bilan yondashuvi – bugungi ta’limning amaliy samaradorligini namoyon etuvchi yorqin ko‘rsatkich bo‘ldi.