22

Aziz yurtdoshlar! “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi barcha bolajonlarni 1-iyun xalqaro bolajonlar kuni munosabati bilan muborakbod etadi.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni dunyo hamjamiyatining bola huquqlarini taʼminlash, ularning hayoti, sogʻligʻi va farovon kelajagini kafolatlash borasidagi umuminsoniy bagʻrikenglik tamoyillariga sodiqligini namoyon etuvchi ulugʻ sana sifatida eʼtirof etiladi.

Bugungi kunda bolaning toʻlaqonli rivojlanishi — nafaqat oila, balki butun jamiyat, davlat va global insoniyat masʼuliyatidagi ustuvor vazifadir. YUNESKO, YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan konvensiyalar, inson huquqlari toʻgʻrisidagi umumjahon deklaratsiyasi, Bolalar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya kabi xalqaro-huquqiy asoslar bola manfaatlarini taʼminlashda muhim poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

Oʻzbekistonda ham mazkur yoʻnalishda keng qamrovli siyosat yuritilmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari bilan qabul qilingan qonunlar, milliy dasturlar, “Bola huquqlari kafolati”, “Oilani qoʻllab-quvvatlash”, “Inklyuziv taʼlim” kabi davlat dasturlari, bolalarni ijtimoiy himoya qilishning institutsional mexanizmlari bu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Xalqaro bolalar kuni – bu nafaqat bayram, balki eslatma: har bir bola mehrga, eʼtiborga, himoya va taʼlimga haqli. Bu kun biz — kattalar uchun yana bir bor masʼuliyat, gʻamxoʻrlik va ezgulik mezonini belgilaydi.

Shu fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha bolalarga tinch va sogʻlom hayot, ilm va maʼrifatga toʻla yorugʻ kelajak, himoya va mehr bagʻrida oʻsishi lozim boʻlgan goʻzal bolalik tilaymiz!

Har bir bola — bu millatning yuragi, ertangi taraqqiyotimizning asosidir!