23

“Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” ilmiy jurnali tarix, huquq, sanʼatshunoslik, sotsiologiya, falsafa va siyosat fanlari yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqot olib borayotgan mualliflarni hamkorlikka taklif etadi. OAK eʼtirof etgan ushbu nashrning 2026 yil 1-soni uchun maqolalar qabul qilinmoqda. Yangi son jamiyat taraqqiyoti, inson huquqlari, ijtimoiy adolat, huquqiy ong, siyosiy va madaniy jarayonlarning nazariy hamda amaliy jihatlarini chuqur ilmiy tahlil qilishga qaratilgan tadqiqotlarni qamrab oladi.

Jurnal ilmiy izlanishlarda aniq metodologik yondashuv, ishonchli manbalarga tayanish va mantiqiy xulosalar chiqarishni ustuvor mezon sifatida belgilaydi. Mualliflardan tadqiqot mavzusini milliy va xalqaro ilmiy kontekstda yoritish, mavjud ilmiy qarashlarni tanqidiy tahlil qilish hamda fan rivojiga xizmat qiluvchi ilmiy yangiliklarni ilgari surish talab etiladi. Ilmiy publitsistik ruhda yozilgan, keng jamoatchilikka ravshan bayon etilgan va akademik talablarga qatʼiy muvofiq keladigan maqolalarga ustuvor ahamiyat beriladi.

Jurnal tahrir hayʼati, davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, olimlar hamda ilmiy izlanuvchilarning ilmiy maqolalari qabul qilinadi. Taqdim etilgan ilmiy ishlar tahrir hayʼati tomonidan belgilangan ilmiy mezonlar asosida saralab chiqiladi va talablarga toʻliq javob bergan maqolalar jurnalning 2026 yil 1-sonida nashr etiladi.

Maqolalarni qabul qilish muddati 15 fevralga qadar davom etadi. Ilmiy natijalaringizni OAK eʼtirof etgan nashrda eʼlon qilish orqali tadqiqotingiz ilmiy jamoatchilik va jamoatchilik ongi rivojiga qoʻshayotgan hissasini namoyon etish imkoniyati yaratiladi.