38

Navroʻz – bu bahor va yangi hayotning ramzi boʻlgan qadimiy bayram boʻlib, uning tarixi bir necha ming yillarga borib taqaladi. U Zardushtiylik davridan boshlab nishonlab kelinadi va oʻzining insoniyat uchun ezgulik, mehr-muruvvat va tabiatga hurmat kabi qadriyatlarini oʻzida mujassam etadi.

Navroʻz bayrami mehr-oqibat va ahillikka chorlovchi anʼanalarga boy boʻlib, uning asosiy mazmuni tabiat uygʻonishi, yangilanish va insonlar oʻrtasidagi birdamlik gʻoyalariga asoslangan. Bayram munosabati bilan xalq anʼanaviy tadbirlar, teatrlashtirilgan tomoshalar, xalq oʻyinlari va xayriya tadbirlarini uyushtirib, ezgu amallarni targʻib etadi. Yurtimiz sarhadlari boʻylab ham Navroʻz bayrami keng nishonlanadi.

“Ijtimoiy Fikr“ respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan “Fuqarolar 2025 yilda navroʻz umumxalq bayramini oʻtkazish haqida” mavzusida jamoatchilik fikrini oʻrganish uchun sotsiologik tadqiqot oʻtkazishni boshladi.

Mazkur sotsiologik tadqiqot oʻtkazishdan maqsad yurtdoshlarimizning Navroʻz bayramiga nisbatan jamoatchilik kayfiyati va munosabatining dinamikasini oʻrganish, bayramni oʻtkazishning zamonaviy va anʼanaviy shakllariga boʻlgan ijtimoiy talab va intilishlarni tahlil qilish, fuqarolarning Navroʻz tadbirlarini tashkil etishga oid fuqarolarning munosabati, intilishlari va xohishlarini aniqlash, milliy qadriyatlar va anʼanalariga nisbatan munosabatlarini fikr-mulohazalarini oʻrganishga qaratilgan.