04.05.2024
152
III Toshkent Xalqaro investitsiya forumi
Oʻzbekiston poytaxtida joriy yilning 2-3 may kunlari Uchinchi Toshkent Xalqaro investitsiya forumi (TXIF) boʻlib oʻtmoqda, unda dunyoning 93 ta davlatidan ikki yarim mingdan ortiq xorijiy mehmonlar ishtirok etmoqdalar.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Uchinchi Toshkent Xalqaro investitsiya forumida soʻzlagan nutqida “yildan-yilga yaxshi anʼanaga aylanib borayotgan ushbu format doirasida yurtimizda dunyoning barcha qitʼalaridan yangidan-yangi ishonchli hamkorlarimiz jam boʻlmoqda”. “Oʻtgan uch yil davomida mazkur forum ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilgʻor gʻoya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi”, deb taʼkidladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning yoqilgʻi-energetika, mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, kimyo va yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa tarmoqlariga investitsiya loyihalarini jalb etishga koʻmaklashuvchi samarali investitsiya siyosati amalga oshirilmoqda. Xalqaro investitsiya huquqi normalariga muvofiq investitsiya qonunchiligi takomillashtirilmoqda. “Xorijiy investitsiyalar toʻgʻrisida”; “Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”; “Chet ellik investorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlari va chora-tadbirlari toʻgʻrisida”; “Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat qarorlari shaklida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar uning asosi boʻlib xizmat qiladi.
Muhim masalalardan biri amalga oshirilayotgan investitsiya siyosatining mamlakatimiz aholisi tomonidan idrok etilishi, oddiy fuqarolar va biznes vakillari ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar samaradorligini qanday baholashi bilan bogʻliqdir. Fuqarolarning ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi fikrini oʻrganishning ahamiyati shundan iboratki, tadqiqot natijalari iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish imkonini beradi. Ishbilarmonlik muhiti holatini monitoring qilish investitsiya siyosatini yanada samarali amalga oshirish, investorlarning huquqlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ishonchli himoya qilish, adolatli raqobat uchun keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratish, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligini taʼminlash imkonini beradi.
Shu boisdan Oʻzbekistonda nafaqat dunyo mamlakatlari bilan strategik hamkorlikni kengaytirish va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish uchun investitsiya kapitalini jalb etish, Oʻzbekiston tomonidan barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, aholi daromadlarini oshirish hamda qulay investitsiyaviy va biznes-muhitni yaratishga, balki ushbu sohada qilinayotgan xatti-harakatlar sifatiy va miqdoriy koʻrsatkichlarni yaxshilashga yordam beradigan maqbul va samarali boshqaruv qarorlari va vositalarini ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston fuqarolariga qanday taʼsir koʻrsatayotganiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Ijtimoiy fikr” RJFOʻM muntazam ravishda jamoatchilik fikri soʻrovlarini oʻtkazib kelmoqda, soʻrovlar natijalari Oʻzbekiston fuqarolarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonlari, oʻz farovonligi, davlat hokimiyatining daʼvat va tahdidlarga munosabat bildirish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal qilish qobiliyatini idrok etishining ijobiy dinamikasini koʻrsatmoqda.
Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikning taʼminlanayotgani Oʻzbekiston investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirishda alohida ahamiyat va jozibadorlik kasb etadi, bu aholi oʻrtasida oʻtkazilayotgan doimiy soʻrovlar natijalari bilan ham taʼkidlanmoqda. “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash, mamlakatning investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi keng koʻlamli, uzoq istiqbolga moʻljallangan islohotlar amalga oshirilmoqda, mamlakatimiz fuqarolarining aksariyati bugungi kunda tinch va osoyishta hayotimiz taʼminlangani, noqonuniy xurujlardan aholi xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani, ijtimoiy nizo va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, jamiyatda bagʻrikenglik, doʻstlik va insonparvarlik hukm surayotgani eng muhim yutuqlardandir, deb hisoblaydi. Soʻrov ishtirokchilarining ishonchi komilki, dunyoning koʻplab nuqtalarida qurolli toʻqnashuvlar, fuqarolik urushlari va qarama-qarshiliklar barham topmayotgan bir paytda davlatimiz uchun munozarali masalalar boʻyicha konstruktiv muzokaralar olib borish va har qanday darajadagi qarama-qarshiliklarni yuzaga kelishining dastlabki bosqichidayoq hal etish alohida ahamiyatli yutuq hisoblanadi.
“Oʻzbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida iqtisodiy sohada olib borilayotgan va tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini erkinlashtirish, foydalanilmayotgan iqtisodiy salohiyatni rivojlantirish uchun tashqi investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va biznesni rivojlantirish, tayyor mahalliy mahsulotlar eksportini koʻpaytirish, qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlash, gaz konlarini oʻzlashtirish, elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, mintaqalarning jadal rivojlanishini taʼminlash, ular oʻrtasidagi iqtisodiy notenglikni kamaytirish, barcha tuman va shaharlarni mutanosib ravishda rivojlantirishga qaratilgan islohotlar soʻralgan respondentlar orasida yuksak eʼtirofga sazovordir. Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni taʼminlash sohasida aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani tadbirkorlik va biznesni rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqotlar inson manfaatlarini himoya qilish sohasida erishilgan natijalarga mamlakat aholisi tomonidan yuksak baho berilayotganidan dalolat beradi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jamiyatda ijobiy idrok etilmoqda, fuqarolar yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishini mamlakatimizning demokratik, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yoʻlidan borishini taʼminlaydigan ulkan tarixiy ahamiyatga ega voqea, deb hisoblaydilar. Fuqarolar soʻnggi yillarda xalqaro munosabatlarning teng huquqli ishtirokchisi sifatida mamlakatimizning mavqeyi va roli xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalarda sezilarli darajada oshganini taʼkidladilar. Mamlakatimiz yaqin xorijdagi anʼanaviy hamkorlari bilan hamkorlikni nafaqat kengaytirib, chuqurlashtirmoqda, balki yangi aloqalar oʻrnatmoqda, ularning geografiyasini kengaytirmoqda. Respondentlarning fikricha, koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda zamonaviy daʼvat va tahdidlarga qarshi kurashish maqsadida mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi faolligi kuchayib borayotgani alohida ahamiyatga egadir.
RJFOʻM tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni tasdiqlaydiki, Oʻzbekiston fuqarolari davlatning investitsiya siyosatini va Oʻzbekistonning yaqin va uzoq xorij davlatlari bilan samarali iqtisodiy hamkorligi uchun shart-sharoitlar yaratishga, keng, ochiq, oʻzaro manfaatli hamda teng huquqli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni umuman ijobiy baholaydi.
Soʻrov natijalari Oʻzbekiston fuqarolarining mamlakatimizni jahonning iqtisodiyoti barqaror oʻsib borayotgan yetakchi davlatlari qatoriga olib chiqishga qodir investitsion salohiyatini oshirish boʻyicha ijobiy orzu-umidlaridan dalolat beradi.