19

Aziz ustoz va murabbiylar!

1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni barchamizning qalbimizga yaqin, ulugʻ va maʼnaviy yuksak sana hisoblanadi. Shu qutlugʻ bayram munosabati bilan “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi siz, aziz oʻqituvchi va murabbiylarni chin qalbimizdan muborakbod etadi.

Jamiyatimizda oʻtkazilayotgan sotsiologik soʻrovlar shuni yaqqol koʻrsatmoqdaki, xalqimiz hayotida eng katta hurmat va eʼtiborga sazovor toifa aynan oʻqituvchilardir. Chunki ustoz — inson tafakkurini shakllantiruvchi, kelajak yoʻlini yorituvchi maʼrifat chirogʻidir. U bilim beruvchi mutaxassisgina emas, balki hayotiy tajribasi va maʼnaviy qimmatlari bilan shogird qalbida yuksak insoniylik, vatanparvarlik va mehr-shafqat tuygʻularini uygʻotuvchi beqiyos timsoldir.

Soʻnggi yillarda yurtimizda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi, davlat dasturlari va qator farmon hamda qarorlar ustoz va murabbiylar nufuzini yuksaltirish, taʼlim sifatini oshirish, avlodlar tarbiyasiga yangi ruh va yangi imkoniyatlar bagʻishlamoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari Sh.M. Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Bugungi tezkor zamonda taraqqiyotning asosiy drayveri — bu bilim, ilm va yangi avlodni zamonaviy tafakkurda tarbiyalay oladigan ustozlardir”. Bu soʻzlar ustozlar zimmasidagi masʼuliyatning chuqur timsoli, bir vaqtning oʻzida ularning jamiyatdagi beqiyos oʻrniga berilgan yuksak baho hamdir.

Siz, aziz ustoz va murabbiylar, har bir bolaning qalbida bilim chirogʻini yoqib, ularni yurtga sadoqatli, maʼnaviy boy, zamonaviy tafakkurga ega shaxslar qilib tarbiyalashda beqiyos xizmat koʻrsatmoqdasiz. Shu bois ham mamlakatimizda oʻqituvchilar mehnatiga munosabat, ularning ijtimoiy mavqeyini koʻtarish, moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida davlat va jamiyat tomonidan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Aziz ustozlar! Sizlarning mehr va mehnatingiz, sabr va sadoqatingiz tufayli Vatanimiz farzandlari yuksak marralarni zabt etmoqda, yurtimizda maʼrifat nurlari yanada porlab yonayotir.

Shu ulugʻ bayram arafasida sizlarga mustahkam sogʻlik, oila tinchligi, shogirdlaringiz zafarlari va mehnatingiz rohatlarini koʻrishingizni tilaymiz. Har bir farzand muvaffaqiyatida sizlarning mehnatingiz aks etsin!

Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz ustoz va murabbiylar!

Hurmat bilan, “Ijtimoiy fikr”

Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi.