15.09.2025
3
“FUQAROLAR TOMONIDAN OʻZBEKISTONDA TAʼLIM SIFATINI BAHOLASH”
Oʻzbekiston taʼlim tizimi soʻnggi yillarda chuqur islohotlar va tub oʻzgarishlar bosqichini kechirmoqda. Yangi maktablar qurilishi, zamonaviy oʻquv dasturlarining joriy etilishi, oʻqituvchilar malakasini oshirish, oliy taʼlimning xalqaro maydonga chiqishi — bularning barchasi milliy taraqqiyotning muhim omili sifatida qayd etilmoqda. Biroq asosiy savol - bu jarayonlar jamiyat tomonidan qanday qabul qilinmoqda va amalda qanday natija bermoqda?
Aynan shu maqsadda «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi “Fuqarolar tomonidan Oʻzbekistonda taʼlim sifatini baholash” mavzusida navbatdagi sotsiologik tadqiqotini boshladi. Soʻrovning asosiy vazifasi — taʼlim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi qanday baholashini oʻrganish, shuningdek, jamoatchilik fikr mulohazalarini bilishdir.
Soʻrovnoma savollari maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim tizimini qamrab oldi. Maktabgacha taʼlim boʻyicha — bogʻchalar moddiy-texnika bazasi, tarbiyachilar malakasi, ovqatlanish va xavfsizlik; maktab taʼlimida — sinflardagi toʻliqlik, oʻqituvchilar tayyorgarligi, darslik va laboratoriya vositalari, kasbga yoʻnaltirish imkoniyatlari; oliy taʼlimda esa — qabul jarayonining shaffofligi, talabalar uchun sharoitlar va taʼlimning mehnat bozori talablariga uygʻunligi tahlil etiladi.
Tadqiqot mamlakatimizda turli ijtimoiy qatlam va yoshdagi fuqarolar ishtirokida oʻtkazilmoqda. Respondentlar javoblari anonim va ixtiyoriy tarzda yigʻiladi, natijalar esa ilmiy asosda umumlashtiriladi. Bu orqali jamoatchilik fikri taʼlim islohotlari samaradorligini baholashda ishonchli mezon sifatida xizmat qiladi.
Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati shunda ifoda topadiki, u fuqarolarning kayfiyati va ijtimoiy qarashlarini aniqlab, davlat qarorlari hamda sohaviy mutaxassislar faoliyati bilan taqqoslash imkonini yaratadi. Eng muhim jihati fuqarolarning aytgan fikr va takliflari kelgusida taʼlim tizimini toʻgʻri yoʻnaltirish va islohotlarni samarali amalga oshirishda asosiy yoʻl-xarita boʻlib xizmat qiladi.