16.05.2025
29
2025 yil 16 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti tashabbusi “Oila institutini mustahkamlashning dolzarb masalalari: farovon oila — barqaror kelajak” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Konferensiyada oila institutining hozirgi global ijtimoiy sharoitda tutgan oʻrni, ayollarning huquqiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, gender siyosatini samarali amalga oshirish hamda jamiyatda barqarorlikni taʼminlash kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Konferensiya ishtirokchilari “Yashil oila” modeli: xorijiy tajriba va milliy yondashuvlar”, “Oilalar farovonligi va kambagʻallikni qisqartirish – demografik barqarorlik hamda ijtimoiy taraqqiyot mezoni sifatida”, “Masʼuliyatli ota-onalik madaniyatini shakllantirish mexanizmlari”, “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorgarlik darajasini oshirishning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va maʼnaviy yechimlari” hamda “Oilada gender tengligini taʼminlash – barqaror rivojlanish kafolati” kabi 5 ta shoʻba yigʻilishda oʻzaro fikr almashdilar.
Konferensiyada 20 ga yaqin xorijiy ekspertlar, 80 dan ortiq oila sohacida faoliyat yuritayotgan olimlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtiroki koʻzda tutilgan. Shuningdek, 30 nafar milliy va 12 nafar xorijiy va xalqaro tashkilotlarning ekspert, mutaxassislari oʻz maʼruza va taqdimotlari bilan qatnashdi.
Ushbu xalqaro miqyosdagi tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi ham faol ishtirok etdi. Markaz direktori birinchi oʻrinbosari Alekseyeva Viktoriya Sergeyevna hamda matbuot xizmati rahbari Ahmedova Dildora Olimjonovna konferensiya doirasidagi sessiyalarda oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, markaz tomonidan soʻnggi yillarda olib borilgan ijtimoiy soʻrovlar natijalari bilan oʻrtoqlashdi.
Mazkur konferensiyaga tashrif buyurgan mutaxassislarning fikriga koʻra, soʻnggi yillarda jamiyatda oilaning maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy va ijtimoiy funksiyalari yuzasidan fuqarolarning ongli talablari oshib borayotgani kuzatilmoqda. Darhaqiqat, “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan 2023–2024 yillarda oʻtkazilgan monitoring soʻrovlari shuni koʻrsatdiki, aholining taʼkidlashicha farzand tarbiyasi va oilaviy munosabatlar mustahkamligida davlat siyosatini hal qiluvchi omil deb biladi. Shuningdek, soʻrovda ishtirok etgan respondentlarning taʼkidlashicha ayollarning mehnat va taʼlim sohalarida teng imkoniyatlarga ega boʻlishi jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashda muhim deb hisoblagan.
Anjuman davomida xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida dolzarb ilmiy takliflar ishlab chiqildi. Ular orasida oilaviy muammolarni barvaqt aniqlashda mahalliy psixologik xizmatlar faoliyatini kuchaytirish, ayollarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, taʼlim va tarbiyada davlat va jamiyatning oʻzaro masʼuliyatini taʼminlash kabi muhim masalalarga eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunlari Oʻzbekistonda oila institutini yanada rivojlantirish, gender masalalaridagi ilmiy tahlillarni amaliyot bilan bogʻlash va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi istiqbollar eshigini ochdi.