17

3 dekabr — Xalqaro nogironlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kuni jahon hamjamiyatini inson qadri, tenglik va inklyuziv taraqqiyot masalalariga yoʻnaltiruvchi muhim sana sifatida eʼtirof etiladi. 1992 yil 11 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan belgilangan ushbu kunning asosiy maqsadi — nogironligi boʻlgan shaxslar uchun barcha sohalarda teng imkoniyat va teng sharoitlar yaratish, ularning jamiyatda toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash va huquqlarini kafolatlashdir.

Mazkur sana jamiyat oldiga qator ustuvor vazifalarni qoʻyadi. Jumladan, huquq va erkinliklarni barcha fuqarolar uchun bir xil darajada himoya qilish; taʼlim, tibbiyot, mehnat, transport va ijtimoiy infratuzilma sohalarida toʻsiqsiz muhit barpo etish; inklyuziv madaniyatni shakllantirish va aholining ijtimoiy sezgirligini oshirish; nogironligi boʻlgan shaxslarning faol fuqarolik ishtirokini ragʻbatlantirish; hamkorlik mexanizmlari va ijtimoiy xizmat tizimlarini takomillashtirish kabilardir.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inklyuziv jamiyatni barpo etishga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga koʻtarildi. “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi, BMTning “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasi talablarini milliy amaliyotga implementatsiya qilish, ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish va reabilitatsiya tizimini modernizatsiya qilish kabi qadamlar ushbu sohadagi amaliy oʻzgarishlarni kuchaytirdi. Davlat xizmatlari markazlarida qulay sharoitlar yaratilishi, inklyuziv taʼlim shakllarini joriy etish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish, infratuzilma obyektlarida panduslar, Brayl yozuvi va audio-vositalarning joriy qilinishi ahamiyatli natijalardan hisoblanadi.

“Inson qadri uchun” tamoyili ustuvor boʻlgan Oʻzbekistonda har bir fuqaroga teng imkoniyat yaratishga qaratilgan davlat siyosati nogironligi boʻlgan shaxslarning hayot sifatini oshirish, ularning bandligi va ijtimoiy faolligini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu islohotlar har bir insonning qiymati barobar ekani va inklyuzivlik jamiyat rivojining hal qiluvchi omillaridan biri sifatida qaralayotganini tasdiqlaydi.