10

«EL-YURT UMIDI» STIPENDIATLARI - YANGI BILIM VA TARAQQIYOT SARI OLG‘A

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Forumda «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining amaliy tadqiqotlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mansur Seitov ishtirok etdi.

Tadbir stipendiya sovrindorlari va ularning ota-onalari, davlat idoralari, diplomatik vakolatxonalar, ta’lim muassasalari hamda hamkor tashkilotlar vakillarini bir maydonda jamladi. Unda yoshlarning xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy bilim va kasbiy tajribani egallashi uchun zarur sharoitlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Forum doirasida iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga yo‘naltirish hamda davlat va hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur xalqaro forum yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash, ilg‘or xorijiy tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoni bo‘ldi.