27

YoShLAR MEDIA SAVODXONLIGI VA VOLONTYoRLIK TAShABBUSLARINI RIVOJLANTIRIShGA QARATILGAN YoZGI MAKTAB

2026 yil 16–21 iyun kunlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Chimgan” oromgohida “Summer Media Camp–2026. Volontyorlar raqamli maʼrifat lageri” tashkil etildi. Mazkur yozgi maktab Oʻzbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan oʻtkazildi.

Lager doirasida ishtirokchilar uchun media savodxonlik, raqamli kommunikatsiyalar, volontyorlik faoliyati, jamoatchilik bilan aloqalar, kontent yaratish, sunʼiy intellekt texnologiyalari va grant loyihalarini ishlab chiqish mavzularida amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi. Treninglar tajribali jurnalistlar, media mutaxassislar va sohaning yetakchi ekspertlari tomonidan olib borildi.

Mazkur yozgi maktabda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi xodimi A.Olimjonova ham ishtirok etib, zamonaviy media muhitda jamoatchilik fikrini shakllantirish, axborot isteʼmoli madaniyati, raqamli platformalarda ijtimoiy tadqiqot natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha ilgʻor tajribalar bilan tanishdi.

Dastur doirasida ishtirokchilar feyk axborotlarni aniqlash, media kontent tahlili, volontyorlik tashabbuslarini targʻib qilish, ijtimoiy tarmoqlarda samarali kommunikatsiyani yoʻlga qoʻyish hamda raqamli xavfsizlik masalalari boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻldilar. Shuningdek, jamoaviy loyihalar ishlab chiqilib, ularning taqdimotlari tashkil etildi.

Bunday tashabbuslar yoshlarda media madaniyatni yuksaltirish, axborot makonida tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini mustahkamlash, fuqarolik faolligi va volontyorlik harakatini qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Yozgi maktab ishtirokchilari tomonidan egallangan bilim va tajribalar kelgusida mamlakatimizda media savodxonlikni rivojlantirish hamda jamoatchilik bilan samarali muloqotni taʼminlashga xizmat qilishi kutilmoqda.