10

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Sotsiologiya” yo‘nalishi 2-kurs magistrantlari amaliyotini o‘tkazishmoqda. Amaliyot jarayoni 2026 yil 26 yanvardan 9 mayga qadar davom etib, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, sotsiologik tadqiqotlarni bevosita hayotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Ilk uchrashuvda Markaz rahbariyati va asosiy boʻlimlar masʼullari ishtirok etib, magistrantlarga amaliyotning rejasi, bosqichlari, vazifalari hamda kutilgan natijalari atroflicha tushuntirildi. Amaliyot faqat bir yoʻnalish bilan cheklanib qolmay, markazning analitik, axborot-matematik, ilmiy-tadqiqot va boshqa barcha tarkibiy boʻlimlarida navbatma-navbat tashkil etiladi. Bu esa talabalarga sotsiologik tadqiqotlarni rejalashtirishdan tortib, maʼlumot yigʻish, tahlil qilish va xulosa chiqarishgacha boʻlgan toʻliq ilmiy jarayonni amalda oʻzlashtirish imkonini beradi.

Amaliy mashgʻulotlar davomida magistrantlar real ijtimoiy soʻrovlar, tahliliy hisobotlar va monitoring loyihalarida ishtirok etib, kasbiy mahoratini oshiradi, mustaqil tadqiqot olib borish tajribasini toʻplaydi hamda zamonaviy sotsiologik metodlar bilan ishlashni chuqur oʻzlashtiradi.

Ushbu amaliyot nafaqat talabalar uchun muhim tajriba maktabi, balki “Ijtimoiy fikr” markazi uchun ham yosh tadqiqotchilarni tayyorlash, ilmiy merosni davom ettirish va sohaga yangi kuchlarni jalb etishda muhim qadam hisoblanadi.