21

Joriy yilning 22 iyun kunidan «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan «Aholi nazarida bandlik, mehnat sharoiti va jamiyatda yuksalish imkoniyatlari: hozirgi holati, muammolar va fuqarolarning istiqboldagi kutishlari» mavzusidagi respublika miqyosidagi sotsiologik tadqiqotni oʻtkazish boshlandi.

Bugungi kunda aholini munosib ish bilan taʼminlash, mehnat munosabatlarini takomillashtirish, mehnat huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy harakatchanlik imkoniyatlarini kengaytirish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatidagi muhim ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Iqtisodiyot tarmoqlarida yuz berayotgan oʻzgarishlar, mehnat bozoriga yangi talablarning kirib kelishi, raqamli texnologiyalar taʼsirining ortishi va inson kapitaliga boʻlgan ehtiyojning kuchayishi mazkur sohalar boʻyicha jamoatchilik fikrini muntazam oʻrganishni taqozo etmoqda. Shu bois mazkur tadqiqot aholining bandlik sohasidagi mavjud vaziyatga munosabati, mehnat sharoitlari va jamiyatdagi ijtimoiy yuksalish imkoniyatlariga doir qarashlarini aniqlashga qaratilgan.

Tadqiqotning asosiy maqsadi aholining mehnat bozori, mehnat sharoitlari va ijtimoiy harakatchanlik bilan bogʻliq qarashlari, baholari hamda kutishlarini oʻrganish, sohadagi dolzarb muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha jamoatchilik fikrini tahlil qilishdan iborat.

Soʻrov davomida fuqarolarning mamlakatdagi mehnat bilan bandlik holatiga bergan baholari, mehnat sohasidagi eng muhim muammolar haqidagi fikrlari, ish qidirishning samarali usullari, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan bilim va koʻnikmalar hamda ish joyini tanlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etuvchi omillar oʻrganiladi. Shuningdek, lavozimda koʻtarilish va xizmat pillapoyalaridan yuqorilashga taʼsir qiluvchi omillar, aholini ish bilan taʼminlash imkoniyatlari yuqori boʻlgan sohalar va kelajakda eng istiqbolli deb baholanayotgan tarmoqlar yuzasidan jamoatchilik fikri tahlil qilinadi.

Tadqiqot mehnat huquqlari bilan bogʻliq masalalarni ham qamrab oladi. Xususan, mehnat huquqlari buzilishining keng tarqalgan shakllari, fuqarolarning oʻz huquqlarini himoya qilish borasidagi xabardorlik darajasi, huquqlari buzilgan hollarda murojaat qilish amaliyoti va bu jarayonda uchrayotgan toʻsiqlar oʻrganiladi. Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish va xodimlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish boʻyicha aholining taklif va mulohazalari ham tahlil qilinadi.

Tadqiqotning muhim yoʻnalishlaridan biri jamiyatdagi ijtimoiy liftlar va ijtimoiy yuksalish imkoniyatlarini baholashdan iborat. Soʻrov ishtirokchilarining fikrlari asosida kasbiy, lavozim va ijtimoiy oʻsishga xizmat qiluvchi omillar, muvaffaqiyatga erishishda taʼlim, kasbiy mahorat, mehnatsevarlik, tadbirkorlik, raqamli koʻnikmalar va boshqa resurslarning ahamiyati, shuningdek, fuqarolar uchun teng imkoniyatlarni taʼminlashning dolzarb jihatlari oʻrganiladi.