30.06.2026
15
30 KUN – HAMKORLIKDA ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISH OYLIGI
2026 yil 29 iyun kuni Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy axborot markazida 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan oʻtkaziladigan «30 kun – hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish oyligi» boshlanishiga bagʻishlangan respublika tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbir Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi mamlakatda odam savdosining oldini olish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish, xavf guruhlarini ijtimoiy himoya qilish, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda oylik doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning ustuvor vazifalarini belgilab olishdan iborat boʻldi.
Tadbirni Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiya masʼul kotibi Aziz Xamzayev ochib berdi. Shuningdek, Respublika «Istiqbolli Avlod» ijtimoiy-axborot markazi direktori Nodira Karimova hamda Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi Migrantlarni himoya qilish va yordam berish boʻlimi boshligʻi Kseniya Rыjkova sohada amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik mexanizmlari va aholining huquqiy ongini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar xususida maʼruzalar bilan ishtirok etdilar. Tadbir davomida oylik doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi va uni amalga oshirish mexanizmlari ishtirokchilarga batafsil tushuntirildi.
Mazkur tadbirda «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi Dala tadqiqotlari va maʼlumotlar sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Umida Xalikova ishtirok etdi.
Tadbirda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida samarali davlat siyosati yuritishda jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganish, aholi xabardorligi darajasini baholash, xavf omillarini aniqlash va profilaktik chora-tadbirlarni ilmiy asoslangan sotsiologik maʼlumotlar bilan taʼminlashning ahamiyati alohida qayd etildi. Bu kabi yondashuvlar sohada qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligini oshirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda manzilli profilaktika mexanizmlarini takomillashtirishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar «30 kun – hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish oyligi» doirasida respublika miqyosida amalga oshiriladigan targʻibot, profilaktika va axborot-maʼrifiy tadbirlarni davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik asosida izchil amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.


