07.12.2025
15
8 dekabr mamlakatimiz tarixida muhim siyosiy voqelik sifatida eʼtirof etiladi. Ushbu kun 1992 yilda Oʻzbekiston mustaqilligining huquqiy poydevori boʻlgan Konstitutsiya qabul qilinganligini eslatadi. Asosiy qonun davlatchilikni barpo etish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va inson huquqlarini kafolatlashda hal qiluvchi mezon boʻlib xizmat qildi.
Konstitutsiya qabul qilingan davr mamlakatimiz uchun tarixiy burilish pallasi edi. Mustaqillikka erishilganidan soʻng, yangi davlat tuzumining huquqiy asoslarini belgilash, demokratik institutlarni shakllantirish va fuqarolarning huquqiy maqomini aniq belgilash zarur edi. 1992 yilda qabul qilingan Asosiy qonun ana shu ehtiyojga javob berdi va oʻz mazmuni bilan milliy davlatchiligimizning taraqqiyot yoʻlini belgilab berdi.
Shuningdek, Konstitutsiya mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni isloh qilishda ustuvor meʼyoriy asos vazifasini bajardi. Keyingi yillarda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, inson huquqlarini yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvini takomillashtirish maqsadida qator konstitutsiyaviy va qonunchilik oʻzgarishlari amalga oshirildi. Yangilangan tahrirdagi Konstitutsiya esa zamonaviy Oʻzbekistonning strategik maqsadlarini oʻzida mujassam etdi.
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni samimiy qutlaydi. Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan tamoyillar — inson qadri, adolat, ochiqlik va qonun ustuvorligi — mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tashkil etmoqda. Markaz oʻz tadqiqotlari orqali jamiyatda huquqiy ong va fuqarolik faolligini rivojlantirishga hissa qoʻshishda davom etadi.
Ushbu qutlugʻ sana yurtdoshlarimizga maʼnaviy yuksalish, tinchlik, barqarorlik va erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash yoʻlida kuch-quvvat bagʻishlasin.


