21.03.2026
5
Navroʻz nafasi - jamiyatda yangilanish, birdamlik va ezgulik tantanasi!
Aziz vatandoshlar! Yurtimiz boʻylab bahor nafasi ufurib, tabiat uygʻonishi bilan birga inson qalbida yangilanish, poklanish va ezgulikka intilish hissi yanada kuchaymoqda. Ana shunday koʻtarinki kayfiyat hukm surayotgan kunlarda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi barchangizni Navroʻz ayyomi bilan samimiy muborakbod etadi.
Navroʻz — xalqimizning asrlar davomida shakllangan maʼnaviy tajribasi, milliy qadriyatlari va madaniy merosining yorqin ifodasidir. Unda tabiat va inson uygʻunligi, mehnatga ehtirom, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat kabi umuminsoniy tamoyillar mujassam. Shu jihatdan, ushbu bayram jamiyat hayotida nafaqat anʼanaviy ahamiyatga, balki chuqur ijtimoiy va maʼnaviy mazmunga ega.
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida Navroʻz umumxalq sayli sifatida keng nishonlanmoqda. Mahallalarda dasturxonlar yozilib, sumalaklar qaynatilib, qoʻni-qoʻshnichilik munosabatlari yanada mustahkamlanmoqda. Bu jarayonlarda avlodlar davomiyligi, jamoaviylik va oʻzaro hamjihatlik ruhi yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Maydonlarda tashkil etilayotgan koʻpkari musobaqalari, xalq sayillari, madaniy va maʼrifiy tadbirlar esa milliy anʼanalarni jonlantirish bilan birga, aholining ijtimoiy faolligini oshirmoqda. Ushbu jarayonlar orqali fuqarolarda jamiyatga daxldorlik hissi, oʻzaro ishonch va birdamlik muhiti mustahkamlanmoqda.
Jamoatchilik fikri tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, Navroʻz kabi umummilliy bayramlar aholi oʻrtasida ijobiy emotsional muhitni shakllantiradi, ijtimoiy aloqalarni faollashtiradi va jamiyat barqarorligiga xizmat qiladi.
Bugungi islohotlar jarayonida inson qadri, uning fikri va kayfiyati ustuvor oʻrin egallayotgan bir sharoitda, yurtimizda keng nishonlanayotgan Navroʻz ayyomi fuqarolarimizning ushbu bayramga alohida tayyorgarlik koʻrishi, yuksak kayfiyati va samimiy xursandchiligi orqali yanada yorqin ifodasini topmoqda.
“Ijtimoiy fikr” markazi jamiyatdagi ana shunday ijobiy jarayonlarni ilmiy asosda oʻrganish, aholi kayfiyati va munosabatlarini tahlil qilish orqali mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishni izchil davom ettiradi.
Sizlarga mustahkam sogʻlik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va qut-baraka tilaymiz. Har bir oilaga bahor quvonchi, ezgulik va yangilanish ruhi hamroh boʻlsin.
Navroʻz bayrami barchangizga muborak boʻlsin azizlar!


