20

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida davra suhbati boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 3-mart kuni “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazida markaz faoliyatining samaradorligini oshirish, xodimlarning institutsional jarayonlardan xabardorlik darajasini aniqlash hamda ichki kommunikatsiya mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi. Tadbir markaz xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan “«Ijtimoiy fikr» RJFOʻM faoliyatidan xabardorlik darajasini aniqlash” mavzusidagi sotsiologik soʻrovnoma natijalariga bagʻishlandi.

Davra suhbatini markaz direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Rahimova Nigina Xayrullayevna kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz nutqida markaz faoliyatida ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ichki axborot almashinuvi tizimini takomillashtirish hamda xodimlarning tashkilot strategiyasi va ilmiy loyihalari boʻyicha xabardorligini kuchaytirish muhim vazifa ekanini taʼkidladi.

Shundan soʻng markaz direktorining ilmiy va innovatsion ishlar boʻyicha oʻrinbosari Seitov Mansur Sherikbayevich mazkur mavzuda oʻtkazilgan tadqiqot natijalari yuzasidan batafsil taqdimot qildi. Taqdimot davomida soʻrovnoma natijalari, xodimlarning markaz faoliyati boʻyicha axborot olish manbalari, ichki kommunikatsiya jarayonlarining holati, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha taklif va yechimlar tahlil qilindi.

Tadbir davomida markaz xodimlari oʻrtasida ochiq va konstruktiv muloqot tashkil etildi. Ishtirokchilar soʻrovnoma natijalari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Xususan, ilmiy loyihalar, sotsiologik tadqiqotlar natijalarini xodimlarga yetkazish, ichki axborot tizimini takomillashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Davra suhbati yakunida markaz faoliyatining ochiqligi va samaradorligini oshirish, xodimlarning institutsional jarayonlardagi faolligini kuchaytirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy takliflar ilgari surildi.

Mazkur tadbir markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, ichki boshqaruv va kommunikatsiya tizimini mustahkamlash hamda jamoa ichidagi ilmiy muhitni rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.