27.06.2026
7
MATBUOT VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XODIMLARI KUNI MUBORAK BOʻLSIN!
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha jurnalistlar, muharrirlar, matbuot kotiblari, teleradio xodimlari, fotomuxbirlar, operatorlar, nashriyot va axborot agentliklari mutaxassislari, blogerlar hamda media sohasining barcha fidoyi vakillarini samimiy muborakbod etamiz.
Sizlarning kasbiy mahorati, xolislik, fidoyilik va yuksak masʼuliyat bilan olib borayotgan mehnatingiz mamlakatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlash, jamiyatni ishonchli axborot bilan taʼminlash, fuqarolarning axborot madaniyatini yuksaltirish hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, bayram arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida»gi Farmonining qabul qilinishi jurnalistika sohasi vakillarining fidokorona mehnatiga bildirilgan yuksak davlat eʼtibori va eʼtirofining yorqin namunasi boʻldi. Farmonga muvofiq, mamlakatimiz axborot makonini rivojlantirish, jamiyatni xolis va tezkor axborot bilan taʼminlash, milliy jurnalistika taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan bir guruh soha vakillari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Mukofot sohiblarini ushbu yuksak eʼtirof bilan chin dildan qutlaymiz. Bu mukofot nafaqat ularning koʻp yillik samarali mehnatiga berilgan munosib baho, balki butun media hamjamiyati uchun yuksak ishonch va katta masʼuliyat ramzi hisoblanadi.
Barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga mustahkam sogʻliq, ijodiy ilhom, qalamiga oʻtkirlik, soʻziga taʼsirchanlik, kasbiy faoliyatida ulkan yutuqlar va yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xolislik, haqqoniylik va xalq manfaatlariga sadoqat yoʻlidagi sharafli mehnatingiz doimo yuksak qadrlansin.
Bayramingiz muborak boʻlsin!


