6

2026 yil 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga koʻtarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish” masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini samarali tashkil etish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishning muhim yoʻnalishi sifatida belgilandi. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, aholi murojaatlari davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotning eng muhim institutsional mexanizmlaridan biri boʻlib, u fuqarolarning real ijtimoiy ehtiyojlari, dolzarb muammolari va kutilmalarini aniqlash imkonini beradi. Shu jihatdan, Xalq qabulxonalari faoliyatini samarali tashkil etish, murojaatlarni tizimli tahlil qilish va ular asosida jamoatchilik fikrini oʻrganish davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishda strategik ahamiyat kasb etadi.

Mazkur videoselektor yigʻilishida davlat rahbari tomonidan jamoatchilik fikrini oʻrganish va tahlil qilish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, sotsiologik tadqiqotlar imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi alohida qayd etildi. Zamonaviy davlat boshqaruvi amaliyotida sotsiologik tadqiqotlar jamiyatda kechayotgan ijtimoiy jarayonlarni chuqur anglash, aholining turli qatlamlari manfaatlari va munosabatlarini aniqlash, shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholashning muhim ilmiy vositasi hisoblanadi.

Sotsiologik tadqiqotlar orqali jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyat, aholining davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga munosabati, hududlar kesimidagi muammolar hamda fuqarolarning ijtimoiy kutilmalari tizimli ravishda oʻrganiladi. Bunday tadqiqotlar natijalari ijtimoiy jarayonlarning haqiqiy manzarasini shakllantirish, davlat dasturlari va islohotlarining aholi hayotiga taʼsirini baholash, shuningdek, davlat organlari faoliyatini aholining real ehtiyojlari asosida tashkil etish uchun muhim ilmiy-amaliy asos boʻlib xizmat qiladi.

Aholi murojaatlari tahlili va jamoatchilik fikrini oʻrganishga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar oʻzaro uygʻunlashgan holda amalga oshirilganda, jamiyatdagi ijtimoiy muammolarning sabab va omillarini chuqur tahlil qilish, ularni hal etishga qaratilgan aniq va manzilli qarorlar ishlab chiqish imkoniyati kengayadi. Bu esa davlat boshqaruvida dalillarga asoslangan qaror qabul qilish tamoyillarini mustahkamlash, ijtimoiy adolat va ochiqlikni taʼminlash hamda davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, Xalq qabulxonalari faoliyatini takomillashtirish, aholi murojaatlarini tizimli tahlil qilish va jamoatchilik fikrini ilmiy asosda oʻrganish mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezident tomonidan belgilab berilgan mazkur vazifalar jamoatchilik fikrini muntazam monitoring qilish, sotsiologik tadqiqotlarni kengaytirish va davlat qarorlarini aholining real ehtiyojlari hamda ijtimoiy talablari bilan uygʻunlashtirish zarurligini yana bir bor namoyon etdi.