05.06.2026
41
EKOLOGIYA VA JAMOATCHILIK FIKRI: BARQAROR TARAQQIYOT YOʻLIDA FUQAROLAR QARASHLARI VA YASHIL KELAJAK KUTILMALARI
Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan Global ekologik jamgʻarmaning VIII-Assambleyasi doirasida ekologik xavfsizlik, iqlim oʻzgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yashil iqtisodiyotga oʻtish masalalari xalqaro hamjamiyat diqqat markazida boʻlmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida ekologik barqarorlikni taʼminlash, havo sifati, bio xilma-xillikni saqlash, chiqindilarni boshqarish, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik taʼlimni rivojlantirishni davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab berdi. Shuningdek, mamlakatimizda ekologik transformatsiya yangi taraqqiyot modeli sifatida qaralayotgani alohida taʼkidlandi.
Bugungi kunda iqlim oʻzgarishi, havo ifloslanishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash va yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish nafaqat davlat siyosati, balki jamoatchilik fikrini oʻrganishning ham muhim mavzularidan biriga aylanmoqda. Ekologik muammolarning samarali yechimi aholining ekologik madaniyati, munosabati va faol ishtirokisiz toʻliq taʼminlanishi mumkin emas.
Shu nuqtai nazardan, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan ekologik kun tartibi doirasida kompleks sotsiologik tadqiqotlar muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Markaz fuqarolarning atrof-muhit muhofazasiga munosabati, ekologik muammolarni baholashi, yashil tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash darajasi hamda ekologik madaniyat shakllanishiga taʼsir etuvchi omillarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Joriy yilning iyun oyida Markaz tomonidan quyidagi muhim tadqiqotlarni oʻtkazish rejalashtirilgan:
«Ekologiya va jamoatchilik fikri: fuqarolarning atrof-muhit holatini idrok etishi»;
«Fuqarolar yashil iqtisodiyotga oʻtish haqida: qoʻllab-quvvatlash, toʻsiqlar va kutilmalar».
Mazkur tadqiqotlar doirasida aholining ekologik vaziyatga bergan baholari, havo va suv sifati boʻyicha qarashlari, chiqindilarni saralash va qayta ishlash amaliyoti, energiya tejamkor texnologiyalarga munosabati, yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonidan kutilayotgan ijtimoiy va iqtisodiy samaralar, shuningdek, ushbu jarayonda uchrayotgan asosiy toʻsiqlar va xavotirlar oʻrganiladi.
Tadqiqot natijalari mamlakatimizda ekologik siyosat samaradorligini oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Ekologik barqarorlik va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bugungi kunda nafaqat tabiatni asrash, balki inson salomatligi, hayot sifati va kelajak avlodlar farovonligini taʼminlashning muhim sharti sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu bois jamoatchilik fikrini muntazam oʻrganish va fuqarolarning ekologik jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish zamonaviy ekologik boshqaruvning ajralmas qismi hisoblanadi.


