18.03.2026
11
“Ijtimoiy fikr” RJFO‘ markazi ishtirokida O‘zDJTUda amaliy binar dars tashkil etildi
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mutaxassisi Ravshanbek Islambayev tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida sotsiologiya yo‘nalishi 3-bosqich talabalari uchun amaliy yo‘naltirilgan binar dars o‘tkazildi.
Mashg‘ulot “SPSS yordamida sotsiologik ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish. SPSSda tasviriy statistika” mavzusiga bag‘ishlanib, unda nazariy bilimlar amaliy tajriba bilan uyg‘un holda yoritildi. Ayniqsa, dars jarayonida “Ijtimoiy fikr” markazining real sotsiologik tadqiqotlari asosida ma’lumotlarni tahlil qilish mexanizmlari bosqichma-bosqich tushuntirib berildi.
Talabalar SPSS dasturida ma’lumotlarni kiritish, o‘zgaruvchilarni shakllantirish, chastotali tahlil, o‘rtacha qiymat va dispersiyani hisoblash kabi muhim statistik jarayonlarni bevosita amaliy misollar asosida o‘rgandilar. “Ijtimoiy fikr” markazi tajribasi esa ularga sotsiologik tadqiqot natijalarini tahlil qilishda professional yondashuvni anglash imkonini berdi.
Mashg‘ulot davomida talabalar faol ishtirok etib, o‘z savollari va tahliliy fikrlari bilan jarayonni yanada boyitdilar. Bu esa darsni oddiy nazariy mashg‘ulotdan amaliy laboratoriya darajasiga olib chiqdi.
Mazkur hamkorlik nafaqat talabalarning statistik va analitik kompetensiyalarini rivojlantirishga, balki ularni real tadqiqot muhiti bilan tanishtirish orqali kelajakdagi kasbiy faoliyatga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.


