14.03.2026
6
“KARYERA KUNI” MEHNAT YARMARKASI
Joriy yil 12 mart kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida talabalarning mehnat bozoriga integratsiyasini taʼminlash, ularni boʻsh vaqtlarida ish bilan band qilish hamda bitiruvchilarning kelgusida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oliy taʼlim muassasalari talabalarining bandligini taʼminlash, ularning turmush darajasini yaxshilash va yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan korxona va muassasalar vakillari bilan bir qatorda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi xodimlari ham ishtirok etdi.
Mehnat yarmarkasining asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat boʻldi:
- oliy taʼlim muassasalari talabalarini boʻsh vaqtlarida ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirish;
- bitiruvchilarni mehnat bozori talablari bilan tanishtirish;
- yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish jarayonlarining samaradorligini oshirish;
- taʼlim muassasalari va ish beruvchi tashkilotlar oʻrtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish.
Tadbir doirasida ishtirokchi tashkilotlar tomonidan mavjud boʻsh ish oʻrinlari, stajirovka dasturlari hamda yoshlar uchun kasbiy rivojlanish imkoniyatlari boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi xodimlari esa ishtirokchilarga markaz faoliyati, jamoatchilik fikrini oʻrganishga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar yoʻnalishlari, amalga oshirilayotgan ilmiy-tahliliy ishlar hamda markazda mavjud boʻsh ish oʻrinlari haqida batafsil maʼlumot berdilar. Shuningdek, talabalarga markaz faoliyatida ishtirok etish, tadqiqot ishlariga jalb etilish va kelgusida ishga joylashish imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berildi.
Yarmarka davomida talabalar turli tashkilotlar va muassasalar vakillari bilan muloqot qilib, ishga joylashish shartlari, amaliyot oʻtash imkoniyatlari hamda kelgusidagi kasbiy faoliyatiga oid muhim maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Tadbir yakunida talabalarni ish bilan taʼminlash, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va mehnat bozoriga samarali integratsiyasini taʼminlashga qaratilgan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.


