14

Joriy yilning 10 mart kunidan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Yoʻl infratuzilmasining holati va «Dolzarb 90 kun» dasturi doirasida uni yaxshilash chora-tadbirlariga Toshkent shahri aholisining bahosi” mavzusida keng koʻlamli sotsiologik tadqiqot oʻtkazish boshlandi. Tadqiqot shahar infratuzilmasini rivojlantirish, transport harakati xavfsizligini taʼminlash hamda aholi uchun qulay va samarali yoʻl muhitini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning jamoatchilik tomonidan qanday baholanayotganini aniqlashga xizmat qiladi.

Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi Toshkent shahridagi yoʻl infratuzilmasining amaldagi holatini, yoʻl harakatini tashkil etish tizimi samaradorligini hamda shaharda tirbandliklarni kamaytirish, harakat xavfsizligini oshirish va transport logistikasini takomillashtirishga qaratilgan «Dolzarb 90 kun» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga aholining munosabatini ilmiy-sotsiologik tahlil qilishdan iborat. Shu bilan birga tadqiqot fuqarolarning kundalik harakatlanish jarayonida uchraydigan muammolar, shahar yoʻllari holati, jamoat transporti faoliyati, avtoturargohlar yetishmasligi, yoʻl belgilari va svetoforlar ishlash samaradorligi kabi omillarga berilayotgan baholarni aniqlashga ham qaratilgan.

Tadqiqot doirasida aholining shahar yoʻl harakati tizimiga oid axborotdan xabardorlik darajasi, jumladan Toshkent shahar Yoʻl harakatini tashkil etish markazi faoliyati haqidagi maʼlumotlar bilan tanishlik darajasi ham oʻrganiladi. Shuningdek, fuqarolarning «Dolzarb 90 kun» dasturiga nisbatan ishonchi, ushbu dastur orqali yoʻl infratuzilmasini qisqa muddatda yaxshilash imkoniyatlari haqidagi fikrlari tahlil qilinadi.

Soʻrov jarayonida ishtirokchilardan shahardagi tirbandliklar, yoʻllar sifati, yoʻl chiziqlari va belgilari holati, jamoat transporti faoliyati, bekatlar infratuzilmasi, yoʻl yoqasidagi reklama konstruksiyalari va savdo shoxobchalarining harakat xavfsizligiga taʼsiri kabi masalalar yuzasidan fikr va baholar olinadi. Shu bilan birga aholi qaysi muammolarni shahar yoʻl harakati tizimida eng dolzarb deb hisoblashi hamda ularni hal etish uchun qanday chora-tadbirlar zarur deb bilishi yuzasidan taklif va mulohazalar ham yigʻiladi.

Tadqiqot natijalari asosida Toshkent shahri yoʻl infratuzilmasining amaldagi holatiga doir jamoatchilik fikrining ilmiy tahlili amalga oshiriladi. Olingan maʼlumotlar shahar transport tizimini yanada takomillashtirish, harakat xavfsizligini taʼminlash, tirbandliklarni kamaytirish hamda aholi uchun qulay shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan qarorlar qabul qilishda muhim empirik asos sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur sotsiologik tadqiqot fuqarolar fikrini oʻrganish orqali shahar infratuzilmasini rivojlantirish jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari bilan uygʻunlashtirishga, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqot mexanizmlarini mustahkamlashga hamda urbanistik rivojlanish jarayonlarida aholi pozitsiyasini inobatga olishga qaratilgan muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.