17

“JAHON SHAXMAT SAHNASIDA YANGI TARIX - JAVOHIR SINDAROVNING MUDDATIDAN OLDINGI GʻALABASI”

Oʻzbekiston shaxmat maktabi tarixida muhim va ahamiyatli voqelik yuz berdi. Mamlakatimizning yosh va istiqbolli grossmeysteri Javohir Sindarov xalqaro maydonda yuksak natijaga erishib, eng nufuzli musobaqalardan biri - Talabgorlar turniri 2026 gʻolibligini muddatidan avval qoʻlga kiritdi. U 9,5 ochko jamgʻargan holda musobaqa yakuniga bir tur qolganidayoq raqiblari uchun yetib boʻlmas ustunlikni taʼminladi va jahon chempionlik bahsiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Musobaqaning 13-turida tajribali niderlandiyalik grossmeyster Anish Giri bilan oʻtkazilgan partiya Sindarovning puxta tayyorgarligi va barqaror oʻyin uslubini yana bir bor namoyon etdi. Qora donada harakat qilgan sportchi pozitsion ustunlikni yoʻqotmasdan, oʻyinni texnik endshpilga olib chiqdi va durang orqali umumiy yetakchiligini mustahkamladi. Natijada u musobaqa gʻolibligini rasman taʼminladi.

Javohir Sindarovning mazkur yutugʻi uning soʻnggi yillardagi izchil oʻsishi, maqsadli tayyorgarligi va xalqaro maydonda toʻplagan boy tajribasining mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda. Xususan, u 2025 yilda jahon kubogi musobaqasida gʻolib chiqib, eng yosh chempionlardan biri sifatida keng eʼtirof etilgan edi. Shuningdek, u bir qator nufuzli xalqaro turnirlarda yuqori oʻrinlarni egallab, yetakchi grossmeysterlar ustidan prinsipial gʻalabalarni qayd etdi.

2026 yilgi musobaqada erishilgan natijalar uning sport mahoratini yanada yaqqol namoyon qildi. Javohir Sindarov 6 ta gʻalaba qayd etib, zamonaviy ikki davrali formatda yuqori koʻrsatkichni namoyish etdi, barqaror oʻyin uslubi, strategik fikrlashi va ruhiy bardoshi bilan ajralib turdi. Bu esa uning nafaqat texnik jihatdan puxta, balki psixologik jihatdan ham yetuk sportchi sifatida shakllanganini koʻrsatadi.

Mazkur tarixiy natija nafaqat shaxsiy yutuq, balki Oʻzbekistonda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan tizimli islohotlar, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash siyosati hamda intellektual sport turlariga qaratilayotgan eʼtiborning amaliy samarasi sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu maʼnoda, Javohir Sindarovning muvaffaqiyati mamlakatda yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish, intellektual rivojlanishni ragʻbatlantirish va xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash jarayonlari bilan uzviy bogʻliqdir.

Endilikda Javohir Sindarovni yanada masʼuliyatli bosqich kutmoqda. U amaldagi jahon chempioni Dommaradju Gukesh bilan shaxmat toji uchun hal qiluvchi bahsda ishtirok etadi. Ushbu bellashuv nafaqat sport voqeasi, balki jamoatchilik diqqat markazidagi muhim xalqaro hodisaga aylanishi kutilmoqda.