30.06.2026
14
YOSHLAR - YANGI OʻZBEKISTON TARAQQIYOTINING ASOSIY HARAKATLANTIRUVCHI KUCHI
30 iyun - Yoshlar kuni munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni, ayniqsa bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlarni samimiy muborakbod etamiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash, sifatli taʼlim olishi, munosib mehnat qilishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu islohotlar natijasida yoshlar davlat va jamiyat taraqqiyotining faol ishtirokchisi, mamlakatning eng muhim strategik resursi sifatida tobora mustahkam oʻrin egallamoqda.
«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan yoshlarning ijtimoiy kayfiyati, fuqarolik faolligi, qadriyatlari hamda davlat yoshlar siyosatiga munosabatini muntazam oʻrganish maqsadida oʻtkazilayotgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari ham mazkur jarayonlarning ijobiy rivojlanayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Tadqiqot natijalariga koʻra, yoshlarning katta qismi mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan voqealarga qiziqish bilan yondashadi. Koʻpchilik yoshlar mahalla, jamoat va yoshlar tashkilotlari faoliyatida ishtirok etib, turli ijtimoiy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Shuningdek, aksariyat yoshlar ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali jamiyat hayotidagi muhim masalalar yuzasidan oʻz fikrini erkin bildirmoqda. Bu esa mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanib, yoshlarning ijtimoiy faolligi izchil yuksalayotganini koʻrsatadi.
Sotsiologik tadqiqotlar yoshlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan yuqori ishonch va qoʻllab-quvvatlash munosabatini ham namoyon etdi. Respondentlarning mutlaq koʻpchiligi keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, davlatning yoshlarga oid siyosatiga ishonch bildirgan. Yoshlarning katta qismi mazkur oʻzgarishlar oʻzining shaxsiy hayoti va kelajak imkoniyatlarida ham ijobiy aks etayotganini qayd etgan.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yoshlar uchun eng ustuvor yoʻnalishlar sifatida sifatli taʼlim va kasbiy tayyorgarlikni yanada takomillashtirish, munosib ish oʻrinlarini kengaytirish hamda yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa yoshlarning mamlakat kelajagini bilim, mehnat va innovatsion taraqqiyot bilan bogʻlayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
«Ijtimoiy fikr» RJFOʻM jamoatchilik fikrini ilmiy asosda muntazam oʻrganish orqali yoshlarning ehtiyoj va intilishlarini tahlil qilish, ularning fikrini davlat va jamiyat oʻrtasidagi samarali muloqotning muhim omiliga aylantirish hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi amaliy tavsiyalar ishlab chiqishni oʻzining ustuvor vazifalaridan biri sifatida davom ettiradi.
Yoshlar kuni munosabati bilan barcha yoshlarga mustahkam sogʻliq, yuksak marralar, ilmiy va kasbiy yutuqlar, ezgu tashabbuslar hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlidagi faoliyatida ulkan zafarlar tilaymiz.
Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz yoshlar!


