13.01.2026
27
JAMIYAT PULSINI OʻLCHAYDIGAN MARKAZ: «IJTIMOIY FIKR» FAOLIYATIGA ILMIY NAZAR
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mamlakatda kechayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy jarayonlarni ilmiy asosda oʻrganish orqali jamoatchilik fikrini strategik resurs sifatida shakllantirib kelmoqda. Markaz faoliyati jamiyatdagi voqelikni xolis baholash, aholi kayfiyati va munosabatlaridagi oʻzgarishlarni tizimli tahlil qilish hamda ularni amaliy xulosalarga aylantirishga qaratilgan
1997 yildan buyon faoliyat yuritayotgan markaz respublika miqyosida muntazam sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazib, jamoatchilik ongi dinamikasini uzluksiz monitoring qilib kelmoqda. Shu davr mobaynida amalga oshirilgan kompleks izlanishlar natijasida yuz minglab respondentlarning fikr va munosabatlari tahlil qilingan boʻlib, ushbu maʼlumotlar davlat boshqaruvi, ijtimoiy siyosat va strategik rejalashtirish jarayonlarida ishonchli manba sifatida xizmat qilmoqda.
Markaz tomonidan oʻtkazilayotgan tadqiqotlar jamiyat hayotining keng doirasini qamrab oladi. Ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivoj, mehnat bozori, migratsiya, yoshlar siyosati, xotin-qizlar va keksalar masalalari, oilaviy qadriyatlar, aholi salomatligi, ekologiya hamda madaniy transformatsiyalar muntazam ilmiy tahlil obyekti hisoblanadi. Bu yondashuv jamiyatdagi muammo va tendensiyalarni bir tomonlama emas, balki tizimli va kompleks asosda oʻrganish imkonini beradi.
Tadqiqotlarni amalga oshirishda miqdoriy va sifat usullaridan uygʻun foydalaniladi. Telefon va onlayn soʻrovlar, yuzma-yuz intervyular, fokus-gruppalar, chuqurlashtirilgan intervyular hamda kuzatuv usullari orqali jamiyatdagi holatning nafaqat tashqi koʻrinishi, balki uning ichki sabab va omillari ham ochib beriladi. Bu esa tayyorlanayotgan tahliliy materiallarning ilmiy aniqligi va amaliy ahamiyatini oshiradi.
Maʼlumotlar sifatini taʼminlash markaz faoliyatining ustuvor tamoyillaridan biri hisoblanadi. Soʻrovnomalarni tayyorlashdan tortib, dala tadqiqotlari, maʼlumotlarga ishlov berish va yakuniy tahlilga qadar barcha bosqichlar koʻp pogʻonali nazorat asosida amalga oshiriladi. Natijada tayyorlanadigan hisobotlar va xulosalarning ishonchliligi hamda xolisligi kafolatlanadi.
Markaz tarkibida yuqori malakali sotsiologlar, psixologlar, siyosatshunoslar, demograflar va iqtisodchilar faoliyat yuritadi. Axborot-matematik, ilmiy-analitik, dala tadqiqotlari va tezkor maʼlumot toʻplash boʻlimlarining oʻzaro hamkorligi jamiyatdagi oʻzgarishlarni qisqa muddatda aniqlash va chuqur tahlil qilish imkonini beradi.
Bugungi kunda “Ijtimoiy fikr” markaziga davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va xalqaro institutlar tomonidan ishonch bildirilmoqda. Markaz tayyorlagan ilmiy-tahliliy materiallar samarali boshqaruv qarorlari qabul qilish, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish va jamiyat barqaror rivojini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
«Ijtimoiy fikr» jamiyat pulsini aniq his etish, aholi fikrini chuqur anglash va uni rivojlanishga xizmat qiladigan ilmiy xulosalarga aylantirishga qaratilgan ishonchli tadqiqot markazidir.


