25

Mahalla — davlat va jamiyat o‘rtasidagi eng muhim muloqot maydoni

2026 yil 23 yanvar kuni «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazida «Prezident murojaatnomasi doirasida mahallaning o‘rni: jamoatchilik fikri va joylardagi amaliyot» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir «O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot» doimiy ilmiy-amaliy seminari doirasida tashkil etildi.

Davra suhbati mahalla institutining bugungi islohotlar jarayonidagi o‘rni, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli muloqotni ta’minlashdagi imkoniyatlari hamda aholi kayfiyati va ijtimoiy kutilmalarni o‘rganishdagi roliga bag‘ishlandi. Muhokamalar markazida mahallaning faqat ma’muriy tuzilma emas, balki jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlik va hamjihatlikni ta’minlovchi asosiy institut ekani masalasi turdi.

Prezident murojaatnomasida belgilangan ochiqlik, ijtimoiy adolat, aholi manfaatlarini himoya qilish va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar mahalla tizimi faoliyati orqali amalda namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, tadbir davomida mahalla orqali jamoatchilik fikrini o‘rganish, ijtimoiy muammolarni erta aniqlash va manzilli yechimlar ishlab chiqish mexanizmlari ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilindi.

Tadbirda Qonunchilik palatasi huzuridagi tegishli qo‘mita, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, NNT milliy assotsiatsiyasi, oliy ta’lim muassasalari vakillari, OAV xodimlari hamda «Ijtimoiy fikr» Markazi mutaxassislari ishtirok etdi. Bu esa muhokamalarni ko‘p tomonlama va amaliy ruhda o‘tkazish imkonini berdi.

Davra suhbati O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o‘rinbosari Allayev Dolle Xakimovich hamda «Ijtimoiy fikr» Markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevnaning kirish so‘zlari bilan ochildi. Ular mahalla institutining zamonaviy jamiyatdagi ahamiyati, mahalla institutida olib borilayotgan islohotlar, jamoatchilik fikriga tayangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish zarurati va sotsiologik tadqiqotlarning amaliy qiymatiga alohida e’tibor qaratdilar.

Asosiy qismda «Ijtimoiy fikr» Markazi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Seitov Mansur Sherikbayevich Prezident murojaatnomasi doirasida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Ma’ruzada aholining mahalla faoliyatiga munosabati, mahalladan kutilmalar, joylardagi muammolarning qay darajada hal etilayotgani aniq raqamlar va tahliliy xulosalar orqali yoritildi.

Shuningdek, Markaz ilmiy-tahliliy bo‘limi mudiri Tadjibayev Azizbek Baxodir o‘g‘li fuqarolarning mahalla faoliyati haqidagi fikrlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Unda mahalla xizmatlaridan foydalanish amaliyoti, murojaatlar bilan ishlash sifati, ochiqlik va fuqarolarning qaror qabul qilishdagi ishtirokiga doir muhim xulosalar bildirildi.

Tadbirga amaliy mazmun bergan chiqishlardan biri Markaz intervyueri Kuanishova Dilmira Tuychiyevnaning ma’ruzasi bo‘ldi. U joylarda o‘tkazilgan yuzma-yuz intervyular asosida aholi kayfiyati, mahalla bilan muloqotdagi muammoli nuqtalar va ishonch omillari haqida aniq kuzatuvlarga tayangan holda fikr bildirdi.

Muhokamalar yakunida ishtirokchilar mahalla faoliyatini baholashda aholi qoniqishi, ishonch darajasi va murojaatlarni ko‘rib chiqish sifati kabi sotsiologik indikatorlarni keng qo‘llash zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, mahalla xodimlari uchun kommunikatsiya madaniyati va ijtimoiy psixologiya bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy etish, mahalla va OAV hamkorligini kuchaytirish takliflari ilgari surildi.

Davra suhbati mahalla institutining imkoniyatlarini yanada kengaytirish, jamoatchilik fikrini ilmiy asosda o‘rganish va uni davlat siyosatida samarali qo‘llashga qaratilgan muhim ilmiy-amaliy muloqot maydoni sifatida baholandi.