14

2025 yil 1–5 dekabr kunlari Toshkent shahrida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” boshlandi. “Yoshlar ijod saroyi”da “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Haftalik Prezidentning fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan farmoyishlari ijrosini taʼminlash, davlat organlari va jamoatchilik oʻrtasida samarali muloqotni kuchaytirish, hamkorlik va ochiqlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Parlament komissiyasi raisi Adham Shadmanov ochib berdi. Marosimda mamlakat parlamenti, davlat boshqaruvi organlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, diplomatik korpus, elchixona vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Ochilish qismida qator nufuzli spikerlar kirish soʻzi bilan chiqish qildi. Oliy Majlis qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, Senat Raisining oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakili Akiko Fujii, Adliya vaziri Akbar Tashkulov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyati, Ozarbayjon Respublikasi NNTlarni qoʻllab-quvvatlash agentligi direktori Aygyun Aliyeva, Oʻzbekiston mahallalalari uyushmasi raisi Qahramon Quranboyev va Ombudsman Feruza Eshmatova oʻz maʼruzalarida mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat va jamiyat hamkorligini kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va ochiqlikni kengaytirishning ustuvor vazifalarini taʼkidladilar.

Ochilish marosimidan soʻng “Jamoatchilik kengashlari forumi” boʻlib oʻtdi. Tadbirda “Fuqarolik jamiyati haftaligi” haqida videorolik namoyish etildi. Shuningdek mazkur forumda Adliya vaziri oʻrinbosari Nuʼmon Muxammadiyev, “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov, BMTTD Oʻzbekistondagi vakili va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi elchisi Toyvo Klaar tomonidan jamoatchilik kengashlarining huquqiy asoslari, faoliyat samaradorligi va davlat organlari huzurida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha muhim fikrlar bildirildi.

Asosiy maʼruzalarda adliya vazirligi, ichki ishlar vazirligi, transport vazirligi, raqamli texnologiyalar vaziriligi, BMTTD loyihalari va “Yuksalish” harakati jamoatchilik kengashi raislari va mutaxassislari tomonidan jamoatchilik kengashlari faoliyatidagi amaliy tajribalar, olingan saboqlar va monitoring natijalari taqdim etildi. Shuningdek, “Eng faol jamoatchilik kengashlari”ni taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida hududlarda fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini oshirishga qaratilgan davra suhbati oʻtkazildi. Unda “Yuksalish” harakati rahbariyati, Shveysariya Taraqqiyot agentligi va mahalliy NNTlar ishtirokida jamoatchilik muhokamalari natijalari, donorlar bilan hamkorlik salohiyati va hududlar ehtiyojlari tahlil qilindi.

Mazkur yirik tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tezkor tadqiqotlar boʻlimi mutaxassisi Boboyev Sherzod Norkuziyevich, Matbuot xizmati muharriri Imamov Sirojiddin Sanjarovichlar qatnashib, tadbirning ilmiy-amaliy jarayoni, jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga doir tashabbuslar bilan chiqishdi.