11

Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, huquqiy madaniyatni oshirish va fuqarolarning huquqiy himoyalanganlik darajasini mustahkamlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Mazkur jarayonda jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganish, aholi kayfiyatidagi oʻzgarishlarni ilmiy tahlil qilish va inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliyotda qanday natija berayotganini baholash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Fuqarolar Oʻzbekistonda inson huquqlarining  taʼminlanishi va himoya qilinishi toʻgʻrisida” mavzusida navbatdagi sotsiologik tadqiqot oʻtkazishni boshladi.

Tadqiqotning dolzarbligi aholining kundalik hayotida huquq va erkinliklarning qay darajada amal qilishi, fuqarolarning huquqbuzarlik holatlariga munosabati, huquqiy institutlarga ishonchi va murojaat mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini chuqur oʻrganish zarurati bilan belgilanadi. Bugungi islohotlar davrida inson qadrini yuksaltirish, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va adolat prinsiplarini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini xolisona baholash jamiyatdagi real holatni yoritishga xizmat qiladi.

Tadqiqotning asosiy maqsadi fuqarolarning inson huquq va erkinliklari toʻgʻrisidagi fikrlari, shaxsiy tajribalari va huquqiy himoyadan qoniqish darajasini aniqlashdan iborat. Shuningdek, oxirgi besh yil mobaynida mamlakatda huquqlar himoyasi sohasida qay darajada ijobiy yoki salbiy oʻzgarishlar sodir boʻlgani, qaysi yoʻnalishlarda muammolar saqlanib qolayotgani hamda fuqarolarning davlat va nodavlat huquqiy institutlariga murojaat qilishga boʻlgan tayyorligi oʻrganilmoqda.

Mazkur sotsiologik tadqiqot davomida, fuqarolarning sogʻliqni saqlash, taʼlim, ijtimoiy himoya, mehnat, mulkiy huquqlar, shaxsiy maʼlumotlarni muhofaza qilish, axborot olish va soʻz erkinligi kabi yoʻnalishlardagi huquqlari qay darajada taʼminlanayotganini baholash; huquqbuzarlik holatlarida murojaat etiladigan tashkilotlarni aniqlash orqali institutsional ishonch darajasini oʻlchash; adolatli qaror qabul qilinishiga boʻlgan ishonchni oʻrganish; jamiyatda qaysi turdagi huquqlar koʻproq buzilishi mumkinligi haqidagi fuqarolarimizning fikr mulohazalarini oʻrganishdan iboratdir.