09.03.2026
18
8 - MART XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI
Bahor nafasi bilan kirib keladigan 8-Mart Xalqaro xotin-qizlar kuni nafaqat ayollarga ehtirom va eʼtirof bildiriladigan bayram, balki jamiyat taraqqiyotida xotin-qizlarning oʻrni va nufuzini anglatuvchi muhim sana hisoblanadi.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi nomidan mamlakatimizda mehnat qilayotgan barcha xotin-qizlarni, ilmu-maʼrifat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, davlat boshqaruvi, tadbirkorlik va jamiyat hayotining turli sohalarida faoliyat yuritayotgan fidoyi xotin-qizlarni 8-Mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz.
Ayol - jamiyatning maʼnaviy tayanchi, oila mustahkamligining asosi va kelajak avlod tarbiyasining bosh mezonidir. Tarixiy va zamonaviy ijtimoiy tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, xotin-qizlarning taʼlim, mehnat va jamoatchilik hayotidagi faol ishtiroki ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, inson kapitali salohiyatini yuksaltirish hamda barqaror taraqqiyotga erishishda muhim omil sifatida namoyon boʻladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, taʼlim olish, kasb-hunar egallash, tadbirkorlikni rivojlantirish va davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatlarining kengayishi ayollarning jamiyatdagi rolini yanada mustahkamlamoqda.
Sotsiologik tahlillar va jamoatchilik fikrini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligi oshgan jamiyatlarda oila barqarorligi, ijtimoiy hamjihatlik va maʼnaviy muhit yanada mustahkamlanadi. Shu bois xotin-qizlarning bilim, tajriba va tashabbusini qoʻllab-quvvatlash jamiyat taraqqiyotining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Qadrli va moʻtabar ayollar!
Sizning mehringiz, sabr-matonatingiz va fidokorona mehnatingiz jamiyatimiz taraqqiyoti, oilalarimiz farovonligi va kelajak avlod kamolotiga xizmat qilmoqda. Sizlar jamiyatda nafaqat mehnatkash mutaxassis, balki maʼnaviy quvvat manbai, ezgulik va insonparvarlik timsoli sifatida yuksak qadrlanasiz.
Sizlarga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, yuksak ilmiy va kasbiy yutuqlar, yangi tashabbus va muvaffaqiyatlar tilaymiz. Har bir kuningiz mehr, eʼtirof va baxtga toʻla boʻlsin.
8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni muborak boʻlsin!
“Ijtimoiy fikr” respublika
jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi!



