29

Hurmatli yurtdoshlar! Sizlarni ulkan quvonch va chuqur ehtirom bilan xalqimiz maʼnaviy hayotida alohida oʻrin tutuvchi, ezgulik va yangilanish ramzi boʻlgan Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etamiz!

Navroʻz bayrami ming yillik tarixga ega boʻlib, Sharq xalqlari maʼnaviyati va madaniyati bilan chambarchas bogʻliqdir. Bu bayram qadimiy davrlarda ham kishilarni oʻzaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bagʻrikenglik va tabiatga ehtirom bilan yondashishga chorlab kelgan. Haqli ravishda Navroʻz nafaqat yil faslining almashinishi, balki insonlar ongining poklanishi, ezgu niyatlar bilan yangi davrga qadam qoʻyish timsoli sifatida qadrlanadi.

Bugungi Yangi Oʻzbekiston sharoitida Navroʻz nafaqat milliy anʼanalarni tiklash va asrab-avaylash ramzi, balki jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlik, tinchlik va taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan ezgu gʻoyalarning amaliy ifodasi sifatida namoyon boʻlmoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar, iqtisodiy taraqqiyot, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan davlat siyosati – bularning barchasi Navroʻzning maʼnaviy-ruhiy mohiyati bilan mutanosibdir.

Navroʻz falsafasidagi yangilanish, bagʻrikenglik va hamjihatlik tamoyillari bugungi kun ijtimoiy taraqqiyotining muhim mezoni sifatida qaralayotgani xalqimiz birligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ushbu bayram, ayniqsa, turli millat vakillari yashaydigan, madaniyatlararo muloqot rivojlanayotgan Oʻzbekistonda umummilliy hamjihatlik timsoliga aylangan.

Shu muborak kunda barchangizga tinchlik-xotirjamlik, oilalaringizga fayz-u baraka, mehnat va ijodingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Navroʻz har bir xonadonga qut-baraka, shodlik va omad olib kelsin!

Navroʻz muborak boʻlsin azizlar!

 

“Ijtimoiy fikr“

Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi