28.02.2025
49
Har yili 27-fevral kuni dunyo bo‘ylab Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni (NNTlar kuni) nishonlanadi. Bu sana nodavlat notijorat tashkilotlarining global va mahalliy miqyosdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga qo‘shayotgan beqiyos hissasini e’tirof etish maqsadida belgilangan.
Nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolik jamiyatining muhim tayanchi sifatida jamiyatdagi turli muammolarni hal etish, inson huquqlarini himoya qilish, muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va mehnat bozorini rivojlantirish kabi sohalarda faoliyat olib boradi. Ushbu tashkilotlar mustaqil, tijorat maqsadlarini ko‘zlamaydigan ijtimoiy institutlar sifatida aholi manfaatlariga xizmat qiladi va hukumat hamda xususiy sektor bilan samarali hamkorlik o‘rnatadi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining hozirgi kundagi muhim vazifasi hisoblanadi. O‘zbekiston jamiyati hayotining turli sohalarida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) fuqarolik jamiyatining ijtimoiy institutlaridan biridir.
“Ijtimoiy fikr” RJFO‘M O‘zbekiston jamiyatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonlarida NNTning o‘rnini o‘rganish, fuqarolik tashabbuslarining talabgirligini yanada demokratik rivojlanish omili sifatida baholash va mamlakat NNT faoliyatining muvaffaqiyatliligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi, unda o‘zbekistonliklarning nodavlat notijorat tashkilotlari haqidagi asosiy tasavvuri o‘rganildi, NNT faoliyati va fuqarolarning NNT faoliyatiga jalb qilinishi uchun zarur shart-sharoitlar mavjudligi haqida respondentlarning fikri aniqlandi.
Respondentlardan nodavlat notijorat tashkilotlari haqidagi tasavvurlari so‘ralganda fuqarolarning turli toifalari orasida ushbu tasavvurlarning tarkibiy-mazmuniy ko‘rinishlari yetarlicha yaqinligini ko‘rsatdi, bu NNT ijtimoiy hodisasi jamiyatda paydo bo‘layotgan tasavvurlar ob’ektiga aylanganligi haqida dalolat berishi mumkin. Aholi bir qismining kundalik ongida bu tushunchani hali ham aniq tushunish yo‘q, deb taxmin qilish mumkin. Umuman olganda, NNT haqidagi ijtimoiy tasavvurlar "yordam" asosiy tushunchasining va unga yaqin bo‘lgan "qo‘llab-quvvatlash" va "ko‘maklashish" tushunchalarining kengaytmasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shunday qilib, fuqarolarimizda NNT aholining dolzarb ijtimoiy muammolarini hal qilishga yordam beradi, degan tasavvurga egalar. Ularning tasavvurida xilma-xil ijtimoiy va insoniy yo‘nalishdagi vazifalarni hal qilish, shu jumladan, kambag‘allar, nogironligi bor shaxslarning ehtiyojlarini qondirish, inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirishda yordam berish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida ko‘maklashish NNTning faoliyati doirasiga kiradi.
Shuningdek, yurtdoshlarimiz fikricha, NNT fuqarolik jamiyati institutlari va davlat idoralari o‘rtasida muloqot o‘rnatishga va fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etish bo‘yicha ularning sa’y-harakatlarini birlashtirishga yordam bermoqda.
Umuman olganda, so‘rov natijalari fuqarolik jamiyati, nodavlat sektor va mamlakatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy munosabatlar rivojlanishining muhim omili va demokratiya, qonun ustuvorligi va fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashning zarur shartiga aylanayotganligini tasdiqladi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati izchil va bosqichma-bosqich rivojlanib, takomillashib bormoqda, jamiyatda jamoat tashkilotlarining ijobiy qiyofasi va ularga nisbatan ijobiy munosabat shakllanmoqda. Jami 76,3% so‘rov ishtirokchilarining tasdiqlashicha, mamlakatda amalda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolar manfaatlariga xizmat qilmoqda va ularning ovozlarini yuqori hokimiyat organlariga yetkazishga harakat qilmoqda, bu esa aholining yanada ko‘proq ijtimoiy qoniqishiga, oilalar farovonligini oshirishga va fuqarolarning dolzarb masalalarini hal qilishga yordam bermoqda.
27-fevral – Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni muborak bo‘lsin!