9

FUQAROLARNING ShAXSIY SALOMATLIKKA, FAOL TURMUSh TARZI VA SOGʻLIQNI SAQLAShGA MUNOSABATI

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Fuqarolarning shaxsiy salomatlikka, faol turmush tarzi va sogʻliqni saqlashga munosabati” mavzusida respublika miqyosida sotsiologik tadqiqot oʻtkazilishi boshlandi. Ushbu tadqiqot mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish, profilaktik yondashuvni kuchaytirish, sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan islohotlar fonida alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, 2025 yil 19 mayda qabul qilingan PF-88-son Farmon bilan sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy etildi, 2025 yil 1 iyuldan ayrim tuman va shaharlarda, 2026 yil 1 yanvardan esa Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida tajriba-sinov tartibida amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, PQ-185-son qaror bilan 2025–2027 yillarda tuman va shahar markaziy shifoxonalari hamda oilaviy poliklinikalar infratuzilmasini qurish va taʼmirlashga ustuvor eʼtibor qaratildi. Davlat siyosati darajasida raqamlashtirish, klinik protokollarni yangilash, profilaktika va zamonaviy diagnostika samaradorligini oshirish ham soha oldidagi muhim vazifalar sifatida belgilanmoqda. Bu yoʻnalishlar 2022–2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ustuvor yoʻnalish sifatida qayd etilgan.

Mazkur sotsiologik tadqiqotning bosh maqsadi fuqarolarning shaxsiy salomatlikka munosabati, oʻz salomatligini baholash darajasi, ruhiy-hissiy holati, jismoniy faollikka moyilligi, tibbiy xizmatlardan foydalanish tajribasi hamda sogʻliqni saqlash tizimiga ishonchini kompleks oʻrganishdan iborat. Tadqiqot doirasida aholining qaysi turdagi kasalliklar va sogʻliq muammolariga koʻproq duch kelayotgani, stress va xavotirning asosiy omillari, jismoniy faollik bilan muntazam shugʻullanishga nimalar toʻsqinlik qilayotgani, tibbiy xizmatlardan foydalanishda qanday amaliy muammolar mavjudligi, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha davlat siyosatiga jamoatchilik munosabati aniqlanadi.

Tadqiqotning vazifalari keng qamrovli va amaliy ahamiyatga ega boʻlib, u aholi salomatligi bilan bogʻliq holatlarni fuqarolarning bevosita fikri asosida oʻrganish imkonini beradi. Jumladan, tadqiqot doirasida tibbiy xizmatlardan foydalanish jarayonida kuzatilayotgan holatlar, xususan, navbatlar mavjudligi, xizmatlar va tahlillar narxi, malakali mutaxassislar bilan taʼminlanganlik darajasi, shuningdek, xizmat koʻrsatish sifati va qulayligiga oid fuqarolarning fikr mulohazalari tahlil qilinadi. Shu bilan birga, tibbiy xizmatlar haqidagi axborotga erishish imkoniyatlari, hududiy infratuzilma va transport bilan bogʻliq omillar ham kompleks tarzda baholanadi.

Shuningdek, mazkur tadqiqot sport va jismoniy faollikka boʻlgan munosabatni, aholi yashayotgan hududlarda sport inshootlari mavjudligi va ularning sifatini, sogʻlom hayot madaniyatini qaror toptirishda motivatsiya, vaqt, sharoit va iqtisodiy imkoniyat kabi omillarni ham tahlil qilishga xizmat qiladi. Bu esa davlatning ommaviy sport, profilaktika va tibbiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlari qay darajada natija berayotganini baholash uchun muhim empirik asos yaratadi.

Mazkur tadqiqotning yana bir muhim jihati shundaki, u mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning jamoatchilik ongidagi inʼikosini koʻrsatib beradi. Bugun sogʻliqni saqlash tizimida islohotlar faqatgina tibbiyot muassasalarini koʻpaytirish yoki taʼmirlash bilan cheklanmayapti. Yangi bosqichda asosiy eʼtibor birlamchi tibbiy boʻgʻinni mustahkamlash, aholiga yaqin va qulay xizmat koʻrsatish, profilaktik tibbiyotni rivojlantirish, tibbiy xizmatlarning sifati va shaffofligini oshirish, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini ijtimoiy qadriyatga aylantirishga qaratilmoqda. Shu maʼnoda, jamoatchilik fikrini muntazam oʻrganish islohotlarning real samaradorligini baholash, aholining kutishlari va ehtiyojlarini aniqlash, sohaga oid qarorlarni yanada aniq va manzilli qabul qilishda muhim vosita hisoblanadi.