14

“IJTIMOIY FIKR” RJFO‘M MUTAXASSISLARI XALQARO ILMIY-AMALIY MUHOKAMADA

2026 yil 4 aprel kuni Rossiya Fanlar akademiyasi huzuridagi BMTning huquqiy, psixologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha Ilmiy-maslahat kengashi hamda Ishonch, qadr-qimmat va huquq ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida “Yoshlar” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli xalqaro muloqot maydonida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining yoshlar masalalarini o‘rganish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tahlilchilari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Yig‘ilish doirasida yetakchi xorijiy olimlar tomonidan yoshlar sotsiologiyasi va ijtimoiy psixologiyasiga oid muhim ma’ruzalar taqdim etildi. Jumladan, Zubok Yuliya Albertovna - sotsiologiya fanlari doktori, professor, Rossiya FNISS RAN Sotsiologiya instituti qoshidagi Yoshlar sotsiologiyasi markazi rahbari “Rossiya jamiyatida yoshlar: sotsiomadaniy o‘z-o‘zini tartibga solish asoslari” mavzusida ma’ruza qildi;

Shuningdek, Lebedeva Nadejda Mixaylovna — psixologiya fanlari doktori, professor, NIU VShE Sotsiomadaniy tadqiqotlar markazi ilmiy rahbari “Zamonaviy yoshlar: qadriyatlar, identiklik va ijtimoiy munosabatlar” mavzusida 2022–2025 yillar tadqiqotlari natijalari asosida tahliliy taqdimot o‘tkazdi;

Shabunova Aleksandra Anatolevna — iqtisod fanlari doktori, Vologda ilmiy markazi direktori “Yosh avlodning oila, mehnat va sog‘lom turmush tarziga oid qarashlari” mavzusida mintaqaviy sotsiologik monitoring natijalarini taqdim qildi.

Ma’ruzalarda yoshlarning qadriyatlar tizimidagi o‘zgarishlar, identiklik shakllanishi, oila institutiga munosabat, mehnat va sog‘lom turmush tarziga oid qarashlar hamda raqamli muhit ta’siridagi ijtimoiy xulq-atvor transformatsiyasi chuqur tahlil qilindi.

“Ijtimoiy fikr” markazi mutaxassislari ushbu muhokamada ishtirok etish orqali jamoatchilik fikrini o‘rganish sohasida to‘plangan milliy empirik ma’lumotlar va tahliliy yondashuvlarni xalqaro ekspertlar qarashlari bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Xalqaro muloqot jarayonida ilg‘or xorijiy tadqiqotlar tajribasini o‘rganish, yoshlar masalalarini kompleks tahlil qilishda fanlararo yondashuvlarni qo‘llash hamda jamoatchilik fikrini muntazam monitoring qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Mazkur ishtirok Markazning ilmiy-tahliliy salohiyatini yanada oshirish, shuningdek, mamlakatimizda yoshlar siyosati samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.