6

OʻZBEKISTONDA MADANIYAT VA SANʼATNING RIVOJLANISHI: JAMOATCHILIK IDROKI, QIZIQISHLARI VA KUTILMALARI

Jamiyatning maʼnaviy taraqqiyoti, milliy oʻzlikni anglash va ijtimoiy birlikni mustahkamlashda madaniyat va sanʼat muhim omillardan biri hisoblanadi. Yangi Oʻzbekiston sharoitida mazkur sohani qoʻllab-quvvatlash, ijod ahlini ragʻbatlantirish, madaniy infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda aholining madaniy hayotdagi ishtirokini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakat aholisining madaniyat va sanʼat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati, madaniy ehtiyojlari, qiziqishlari hamda kutilayotgan natijalarini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼatning rivojlanishi: jamoatchilik idroki, qiziqishlari va umidlari” mavzusida respublika miqyosida sotsiologik tadqiqot oʻtkazilmoqda. Tadqiqot aholining madaniyat va sanʼat sohasining bugungi holatiga bergan bahosi, sohadagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi fikrlari, milliy madaniyatga qiziqish darajasi hamda madaniy hayotda ishtirok etish omillarini aniqlashga qaratilgan.

Soʻrov doirasida fuqarolarning madaniyat va sanʼat tushunchasini qanday qabul qilishi, qaysi yoʻnalishlarni eng rivojlangan deb hisoblashi, sohada mavjud muammolar haqidagi qarashlari hamda milliy madaniy merosni ommalashtirishning samarali mexanizmlari yuzasidan fikrlari oʻrganiladi. Shuningdek, aholining milliy musiqa, adabiyot, teatr, kino, hunarmandchilik, tarixiy-madaniy meros va zamonaviy madaniy jarayonlarga boʻlgan munosabati ham tahlil qilinadi.

Tadqiqotning muhim yoʻnalishlaridan biri Prezident tomonidan madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslar va islohotlarning jamoatchilik tomonidan qabul qilinishi darajasini baholashdan iborat. Xususan, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, ijodiy muhitni rivojlantirish, mualliflik huquqlarini himoya qilish, teatr va kino sohasini takomillashtirish hamda aholining madaniy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fuqarolarning fikr mulohazalarini oʻrganishdan iborat.