10

“V Toshkent Aksilkorrupsiya Forumi: Muhokamalardan real oʻzgarishlargacha”

2025 yil 23 oktabr kuni Toshkent shahrida “V Toshkent Aksilkorrupsiya Forumi” boʻlib oʻtdi. Forum “Muhokamalardan real oʻzgarishlargacha” shiori ostida tashkil etildi va u korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor tajribalarni almashish hamda ochiqlik va masʼuliyat madaniyatini rivojlantirishga qaratildi

Mazkur nufuzli xalqaro tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2025 yil ikkinchi yarim yillik ish rejasi doirasida boʻlib oʻtdi. Forum doirasida Markaziy Osiyo, Yevropa va Osiyo mintaqalaridan 20 dan ziyod davlat va xalqaro idoralar, shu jumladan BMT, YeI, IHTT, YXHT, GIZ kabi nufuzli tashkilotlar rahbarlari va ekspertlari ishtirok etdi

Plenar sessiyada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, YeI delegatsiyasi vakili Renata Robel, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, IHTT va YXHT kabi tashkilotlar rahbarlari nutq soʻzladilar. Ular mamlakatda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi islohotlarni xalqaro standartlarga muvofiq yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va javobgarlikni oshirish masalalariga toʻxtalib oʻtdilar

Forumning birinchi sessiyasi “Sunʼiy intellekt – korrupsiyaga qarshi kurash vositasi sifatida” mavzusida oʻtdi va unda raqamli texnologiyalar orqali shaffoflikni taʼminlash, maʼlumotlar tahlili asosida nazorat tizimlarini takomillashtirish masalalari muhokama etildi. Ikkinchi sessiyada “Komplaens nazoratining yangi bosqichi: davlat organlari va korxonalarda korrupsiyani oldini olish”, uchinchi sessiyada esa “Korrupsiyaga qarshi taʼlim: samaradorlik va xabardorlikni oshirish strategiyalari” mavzularida ilmiy va amaliy fikr almashuvlar boʻlib oʻtdi

Tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori, iqtisod fanlari doktori Nigina Xayrullayevna Rahimova ham ishtirok etdi. Uning ishtirokida jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganish, fuqarolik jamiyati institutlari faolligini kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi maʼrifiy madaniyatni shakllantirish masalalari boʻyicha mulohazalar bildirildi. N.X.Rahimova jamiyatda korrupsiyani kamaytirishning asosiy omili sifatida sotsiologik tahlil va aholi kayfiyatini ilmiy monitoring qilishning dolzarbligini taʼkidladi.

Forum yakunida davlat idoralari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida qabul qilingan tavsiyalar mamlakatda amalga oshirilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi”ni takomillashtirish va ijtimoiy masʼuliyatni oshirish yoʻnalishida amaliy dastur sifatida xizmat qilishi taʼkidlandi.