17

OʻZBEKISTON FUTBOLI TARIXIDA YANGI BOSQICH: JAMOATCHILIK MUNOSABATI VA IJTIMOIY KUTUVLAR

Jahon sporti tarixida eng nufuzli musobaqalardan biri hisoblangan futbol boʻyicha 2026 yilgi jahon chempionatida Oʻzbekiston milliy terma jamoasining ishtirok etishi mamlakatimiz sport hayotidagi muhim tarixiy voqea sifatida keng jamoatchilik eʼtiborini tortmoqda. Ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoaning ushbu muvaffaqiyati nafaqat sport sohasidagi yutuq, balki aholida milliy gʻurur, vatanparvarlik tuygʻulari, ijtimoiy birdamlik va mamlakat kelajagiga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy hodisa sifatida ham namoyon boʻlmoqda. Shu munosabat bilan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi fuqarolarning mazkur voqeaga munosabati, baholari va kutishlarini aniqlash maqsadida respublika miqyosidagi sotsiologik tadqiqotni amalga oshirmoqda.

Tadqiqotning asosiy maqsadi Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtirokiga nisbatan aholi munosabatini oʻrganish, mazkur voqeaning jamoatchilik ongidagi ahamiyatini baholash hamda uning milliy birlik, ijtimoiy kayfiyat va sport madaniyati rivojiga taʼsirini aniqlashdan iborat. Bu orqali fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan sport siyosati, futbolni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar va milliy terma jamoaning kelgusi ishtirokiga oid qarashlarini kompleks tahlil qilish nazarda tutilgan.

Mazkur tadqiqot davomida fuqarolarimizning milliy terma jamoaning jahon chempionatiga chiqqanligi haqidagi xabardorlik darajasini baholash, mazkur muvaffaqiyatning mamlakat uchun ahamiyati haqidagi qarashlarni oʻrganish, fuqarolarda shakllangan hissiy munosabatlar va ijtimoiy kayfiyat xususiyatlarini tahlil qilish, milliy jamoaning chempionatdagi ishtiroki bilan bogʻliq kutishlar va prognozlarni aniqlash, ushbu natijaning asosiy omillari haqidagi jamoatchilik fikrini oʻrganish hamda terma jamoa ishtirokining mamlakat xalqaro imiji, milliy gʻurur, yoshlarning sportga qiziqishi va futbol infratuzilmasi rivojiga taʼsiri boʻyicha baholarni tahlil qilish belgilangan. Shuningdek, fuqarolarning mamlakatda futbolni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga munosabatini aniqlash va sohani yanada takomillashtirish yuzasidan jamoatchilik takliflarini yigʻish ham tadqiqotning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi globallashuv sharoitida sport mamlakatlarning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash va yosh avlodni sogʻlom turmush tarziga yoʻnaltirishning muhim mexanizmlaridan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, milliy terma jamoalarning yirik xalqaro musobaqalardagi ishtiroki jamoatchilik kayfiyati, fuqarolik birdamligi va milliy oʻzlikni anglash jarayonlariga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Shu nuqtai nazardan mazkur sotsiologik tadqiqot nafaqat sport sohasidagi voqeaga jamoatchilik munosabatini oʻrganish, balki uning keng ijtimoiy ahamiyatini baholash imkonini ham beradi.

Tadqiqot natijalari aholining fikr-mulohazalari, kutishlari va baholari asosida futbolni rivojlantirish strategiyalarini takomillashtirish, yoshlar sportini qoʻllab-quvvatlash, ommaviy futbolni kengaytirish hamda mamlakat sport siyosati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish uchun muhim empirik manba vazifasini oʻtaydi. Shu bilan birga, soʻrov davomida milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki mamlakat fuqarolari ongida qanday ijtimoiy-psixologik va maʼnaviy ahamiyat kasb etayotganini aniqlash imkonini beradi.