23.02.2026
14
Joriy yil 20 fevral kuni Yoshlar ishlari agentligining “Yoshlar press klubi” maydonida yoshlar bilan doimiy muloqotlar samaradorligi va natijadorligini yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir davlat organlari, idora va tashkilotlarda yoshlar siyosati ijrosini takomillashtirish, institutsional muloqot mexanizmlarini kuchaytirish hamda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Mazkur tadbirda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi xodimlari Sh. Boboyev va S. Imomov ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi so‘zga chiqib, “Rahbar va yoshlar” formatini tizimli ravishda joriy etish, rahbarlar va yoshlar o‘rtasida ochiq va muntazam muloqot maydonlarini kengaytirish, shu orqali ishonch, shaffoflik va jamoatchilik ishtirokini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar yosh xodimlari o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda Prezidentning 2025 yil 15 yanvardagi PQ–9 qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, kadrlar zaxirasini shakllantirishning zamonaviy modeli sifatida Amaliyot ofisi (Internship Office) loyihasini yo‘lga qo‘yish hamda yoshlar bilan ishlash uchun mas’ul xodimlarni rag‘batlantirish va taqdirlash mexanizmlarini takomillashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan yoshlar siyosati samaradorligini oshirishga doir amaliy takliflar bildirildi, davlat va jamoat institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, yoshlar bilan ishlashda monitoring va baholash indikatorlarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Muhokama yig‘ilishi davlat boshqaruvi tizimida yoshlar bilan ochiq muloqotni rivojlantirish, ijtimoiy faollikni qo‘llab-quvvatlash va strategik vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish yo‘lida muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.


