19

Jamiyat taraqqiyotida xotin-qizlarning oʻrni va roli doimo muhim masala boʻlib kelgan. Bugungi kunda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokiga sharoit yaratish,  shuningdek, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish masalalari davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

Shu munosabat bilan «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan mamlakatimiz fuqarolari orasida “Fuqarolar Oʻzbekistonda xotin-qizlarning roli, gender tenglik va zoʻravonlikdan himoya qilish haqida” mavzusida sotsiologik tadqiqot oʻtkazishni boshladi.

Mazkur tadqiqotni oʻtkazishdan maqsad yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotdagi oʻrni va nufuzini har tomonlama oʻrganish, jamiyatimizda gender tenglik masalalariga nisbatan aholining fikr mulohazalarini bilish, mamlakatimizdagi islohotlarga munosabatini aniqlash hamda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining koʻlamini chuqur tahlil qilishdan iboratdir.

Bugungi globallashuv davrida xotin-qizlar jamiyatning barcha boʻgʻinlarida yaʼni, oila, taʼlim, sogʻliqning saqlash, fan va madaniyat, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot kabi sohalarda faol ishtirok etmoqda. Biroq, anʼanaviy  stereotiplar, mehnat bozorida tengsizlik, oiladagi yoki jamoat joylaridagi zoʻravonlik holatlari ularning imkoniyatlarini cheklab qoʻyishi mumkin.

Aynan shu nuqtai nazardan mazkur soʻrovnoma jamiyatdagi real vaziyatni koʻrsatib berishi, davlat siyosatini takomillashtirish uchun ishonchli ijtimoiy maʼlumotlar bazasini shakllantirishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu tadqiqot natijalari xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, gender tenglikni amalda taʼminlashga xizmat qiladi.