02.08.2026
43
Umummilliy birdamlik: taraqqiyotning mustahkam poydevori
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Umummilliy birdamlik – Yangi Oʼzbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi!” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya boʼlib oʼtdi. Davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy taʼlim tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ekspertlar ishtirok etgan anjuman mamlakatda umummilliy birdamlik, millatlararo totuvlik va bagʼrikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy tahlil va amaliy yondashuvlarni muhokama qilishga bagʼishlandi. Ushbu nufuzli tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʼrganish markazi vakili ham ishtirok etdi.
Konferentsiyaning ochilish marosimida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R. Davletov ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilariga Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʼyicha qoʼmita raisi K. Sariev, Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori А. Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʼmitasi raisi G. Аgzamova, Din ishlari boʼyicha qoʼmita raisi S. Toshboev hamda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F. Аbduxoliqov tabrik soʼzlari bilan murojaat qildilar. Shuningdek, Yangi Oʼzbekiston taraqqiyotiga bagʼishlangan videofilьm namoyish etildi va qator hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Konferentsiyaning birinchi shoʼʼbasida umummilliy birdamlikning ilmiy-nazariy asoslari, tarixiy tajriba va davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlariga bagʼishlangan maʼruzalar tinglandi. Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B. Аbdulhalimov umummilliy birdamlikning ilm-fan taraqqiyotidagi ahamiyati haqida maʼruza qildi. Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi R. Diyarbobov bagʼrikenglik gʼoyasini targʼib qilishda ilmiy-maʼnaviy merosning oʼrniga toʼxtaldi. Oʼzbekiston xalq yozuvchisi Muhammadali Аhmedov Аmir Temur va Temuriylar davrida millatlararo totuvlikni taʼminlash tajribasini yoritdi. Shuningdek, А. Rahmonqulova, Q. Joʼraev, D. Sayfullaev, M. Davletiyarov va R. Xomitov tomonidan bagʼrikenglik fenomeni, millatlararo munosabatlarning rivojlanishi, sharqona diplomatiyaning ahamiyati hamda milliy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosati yuzasidan ilmiy maʼruzalar taqdim etildi.
Ikkinchi shoʼba xalq diplomatiyasi va tashqi siyosatda fuqarolik hamkorligining zamonaviy mexanizmlariga bagʼishlandi. Unda raqamli makonda millatlararo totuvlikni taʼminlash, birodar shaharlar oʼrtasidagi hamkorlik, davlat va jamiyat boshqaruvida vakillik demokratiyasining ahamiyati hamda xorijdagi vatandoshlarning umummilliy birdamlikni mustahkamlashdagi oʼrniga oid maʼruzalar tinglandi.
Konferentsiyaning yakuniy qismi ekspertlar va milliy madaniy markazlar rahbarlari ishtirokidagi ochiq muloqot shaklida tashkil etildi. Munozaralarda turkman, koreys, rus, ozarbayjon, nemis, arman va yunon milliy madaniy markazlari rahbarlari millatlararo hamjihatlikni yanada rivojlantirish, madaniy muloqotni kengaytirish va jamiyatda bagʼrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan takliflarini ilgari surdilar.
Tadbir davomida bildirilgan fikr va takliflar mamlakatda umummilliy birdamlik, millatlararo totuvlik va fuqarolik hamjihatligini yanada mustahkamlashga qaratilgan ilmiy va amaliy tashabbuslarni rivojlantirish, davlat organlari, ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari oʼrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, mazkur konferentsiya turli sohalar vakillari oʼrtasida ilmiy muloqotni kengaytirish, ilgʼor tajribalar almashish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi nufuzli maydon sifatida alohida ahamiyatga ega boʼldi.




