9

KIBERXAVFSIZLIKZAMONAVIY JAMIYAT BARQARORLIGI GAROVI

2025 yil 3 noyabr kuni Toshkent shahrida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi tashabbusi bilan “Kiberjinoyatlar va ularning oldini olishda jamoatchilikning oʻrni” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi va Toshkent shahri IIBB rahbariyati, Oʻzbekiston respublikasi Markaziy bank vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, axborot xavfsizligi sohasi mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi matbuot xizmati rahbari D. Axmedova va axborot xavfsizligi boʻlimi mutaxassisi A. Nabiyevlar ham faol ishtirok etib, jamiyatda raqamli madaniyatni shakllantirish va fuqarolarni kiberhujumlardan himoya qilish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdilar.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, raqamli iqtisodiyot tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan sharoitda kiberjinoyatchilik ham mutanosib ravishda oʻsib bormoqda. Masalan, 2024 yilda jinoyatlarning 44,4 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan, shundan 98 foizi bank kartalari va mobil ilova hisoblari bilan bogʻliq holatlarni tashkil etgan. Bu holat aholi oʻrtasida axborot xavfsizligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarni keng targʻib etish zaruratini yana bir bor tasdiqlaydi.

Anjumanda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish, kiberxavfsizlik boʻyicha profilaktik tadbirlarni ommaviy axborot vositalari orqali faol yoritish hamda aholining raqamli masʼuliyatini oshirish masalalari yuzasidan taklif va tavsiyalar ham bildirildi.